Yaponiya va Oʻzbekiston oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligiga bagʻishlangan xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi
25.02.2022 1576
Bugun, 25-fevral kuni, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Oʻzbekiston-Yaponiya: diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi va strategik hamkorlikni kuchaytirishning istiqbollari” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi.
Gibrid shaklda boʻlib oʻtgan xalqaro konferensiyada senatorlar, Yaponiyaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi, tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari, Oʻzbekistonning Yaponiyadagi Elchisi hamda ikki mamlakatning oliy taʼlim muassasalari, davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbirda ikki mamlakat oʻrtasidagi diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi natijalari, strategik hamkorlik istiqbollari keng muhokama qilindi.
Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev konferensiyani ochark ekan, Prezidentimizning 2019-yilda Kunchiqar yurtga qilgan tarixiy tashrifi mamlakatlarimiz oʻrtasidagi strategik sheriklik uchun yangi ufqlarni ochib berganini taʼkidlab oʻtdi.
Soʻzga chiqqanlar oʻz maʼruzalarida Yaponiya davlati Oʻzbekiston uchun iqtisodiyotning turli sohalarida eng ilgʻor texnologiyalar va tajribaga ega boʻlgan muhim iqtisodiy hamkor ekanligini, Oʻzbekiston uchun Yaponiya kompaniyalarining ishbilarmonlik etikasi, mahsulot sifatiga boʻlgan yuqori talablari va korrupsiyani qabul qilmasligi alohida ahamiyatga ega ekanligini taʼkidlab oʻtdi.
Konferensiyada 17 yil davomida Tokio va zamonaviy dunyoning strategik muhim mintaqasi oʻrtasidagi ikki tomonlama hamkorlik platformasi hisoblangan “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti oʻzaro hamkorlikning muhim mexanizmi boʻlib xizmat qilayotgani, parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash ikki tomonlama munosabatarni kuchaytirishga qaratilgani alohida qayd etib oʻtildi.
Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan “Oʻzbekiston-Yaponiya” parlamentlararo forumi doirasidagi hamkorlikka katta ahamiyat qaratilib, uning navbatdagi majlisini 2022-yilda Oʻzbekistonda oʻtkazish masalasini koʻrib chiqish taklifi bildirildi.
Konferensiya doirasida ikki tomonlama madaniy-gumanitar aloqalarni, taʼlim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini yanada rivojlantirish, 2022-yilda “Yaponiyada Oʻzbekiston yili”ni, “Oʻzbekistonda Yaponiya yili”ni oʻtkazish masalalari boʻyicha oʻzaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi.