16.02.2022 1437

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 539 yilligi munosabati bilan i.f.d., professor Mavlanov Ibragim Radjabovichning “Boburiylar sulolasining Hindistonda boshqarish tizimi (ayrim jihatlari)” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Taqdimot doirasida Zahiriddin Muhammad Bobur shaxsiga alohida to‘xtalib, uni Hindiston tarixidagi yuksak o‘rni, faoliyati va boshqa davlatlar bilan istiqbolli hamkorliklarni amalga oshirganligi to‘g‘risidagi ma‘lumotlar asosli misollar bilan keltirib o‘tildi.Shuningdek, Zahiriddin Muhammad Boburning Hindiston va Eron madaniyatining shakllanishiga qo‘shgan hissasi, aniqsa, Hindistonning Osiyo davlatlari bilan iqtisodiy munosabatlarini yo‘lga qo‘yishdagi amaliy tashabbuslari, xususan, Buyuk Ipak yo‘li orqali savdo munosabatlarining jadal ravishda amalga oshirilganligi haqida to‘xtalib o‘tildi.

Taʼkidlash joizki, Zahiriddin Muhammad Bobur tom maʼnoda, katta imperiyani tashkil etgan muallif sifatida, qolaversa Hindistonda uzoq davrlar mobaynida muammo bo‘lib kelgan iqtisodiy tanglik vaziyatini bartaraf etgan va mukammal soliq tizimini yaratgan.

Taqdimot doirasida, Xalqaro munosabatlar kafedrasi professori, tarix fanlari doktori, Farmonov Raxmon Farmonovich so‘zga chiqib, Boburiylar sulolasi faoliyatiga bag‘ishlangan ko‘plab asarlar yozilgani, biroq mazkur kitob mazmun jihatdan butkul yangi ahamiyat kasb etgani, shu o‘rinda, Oʼzbekiston uchun iqtisodiy-siyosiy manba sifatida yangi ilmiy risola ekanligini alohida ta’kidlab o‘tdi.