Alisher Navoiy va zamonaviy dunyo
12.02.2022 1558
JIDUda buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 581 yilligi munosabati bilan “Milliy tiklanishdan - Milliy yuksalish sari!” bosh tamoyili asosida “Hazrat dunyo kezar (Alisher Navoiy va zamonaviy dunyo)” nomli tadbirlar doirasida “Alisher Navoiyni bilasizmi?” mavzusida viktorina bo‘lib o‘tdi.
Oʻsib kelayotgan yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirish, ular qalbida yuksak axloqiy fazilatlarni tarbiyalashdagi beqiyos ahamiyatini nazarda tutib, shuningdek, ulugʻ shoir va mutafakkirlarning adabiy-ilmiy merosini mamlakatimizda va xalqaro miqyosda yanada keng targʻib etish maqsadida JIDUda O‘zbek va rus tillari kafedrasi tomonidan buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 581 yilligi munosabati bilan “Milliy tiklanishdan - milliy yuksalish sari!” degan bosh tamoyil asosida “Hazrat dunyo kezar (Alisher Navoiy va zamonaviy dunyo)” nomli tadbirlar oyligi doirasida “Alisher Navoiyni bilasizmi?” mavzusida viktorina haftaligi o‘tkazildi.
Ushbu tadbirda universitet professor-o‘qituvchilari va Xalqaro iqtisodiyot va menejment, Xalqaro munosabat va Xalqaro huquq fakulteti talabalari ishtirok etdi.
Tadbirni Jahon iqtidodiyoti va diplomatiya universiteti Yoshlar masalalari bilan ishlash bo‘yicha prorektori Yusupjonov Odil Abdugafurovich kirish so‘zi bilan ochib berdi. U adabiyotning jamiyat ma'naviy hayotidagi o‘rni, inson ongi, ruhi hamda hissiga beqiyos ezgu ta'siri haqida so‘zlab, millatimizning buyuk allomasi, she’riyat mulkining sultoni, o‘zbek adabiy tilining asoschisi, mutafakkir shoir Nizomiddin mir Alisher Navoiy hayoti, uning o‘lmas ijodiy asarlarini o‘qish, ijodidan bahramand bo‘lish muhim ekanligini ta’kidladi.
Navbatdagi notiq o‘zbek va rus tillari kafedrasi mudiri M.Abduraxmonova o‘z nutqida xalqaro sohada faoliyat yuritadigan mutaxassislar tariximiz, tilimiz, buyuk allomalarimiz ijodiy merosini chuqur o‘rganib, mukammal bilimga ega bo‘lishlari, jumladan, buyuk mutafakkirimiz Alisher Navoiy asarlarini mutolaa qilishi ularning ma’naviy barkamolligini ko‘rsatuvchi asosiy mezonlaridan biri ekanligini alohida ta’kidlab, O‘zbek va rus tillari kafedrasi dotsenti Shoira Normatovaga so‘z berdi.
Shoira Normatova o‘z taqdimotida Navoiy she'riyatining siri, sehrini namoyon qiluvchi yorqin misollar keltirib, buyuk arbobning ijodiy merosi va asarlarining ahamiyati haqida qiziqarli ma’lumotlar berdi. Shuningdek, notiq O‘zbek tilida muloqot ko‘nikmalari fani doirasida mustaqil mutolaa qilish uchun Navoiyning eng sara asarlari tanlab olinganligini aytib o‘tdi.
Tadbir davomida yoshlar ma’naviy va ma’rifiy ishlar bo‘yicha bo‘lim boshlig‘i Furqat Yaxshiyev va O‘zbek va rus tillari kafedrasi o‘qituvchisi Shaxnoza Xudayqulovalar ham “Alisher Navoiyni bilasizmi?” mavzusidagi viktorinada talabalarni Navoiyning hayoti, ijodi, siyosiy va ijtimoiy hayotdagi o‘rni, uning merosini qay darajada bilishlarini sinovdan o‘tkazdi.
Viktorina natijalariga ko‘ra, quyidagi talabalar g‘olib deb topildi:
- Bahodir Dadaboyev, Xalqaro huquq fakulteti, 1-kurs, 1-o'rin
- Maftuna Mo‘minova, Xalqaro huquq fakulteti, 1-kurs, 1-o'rin
- Isfandiyor Bahoviddinov, Xalqaro iqtisodiyot va menejment fakulteti talabasi, 1-kurs, 2-o'rin
- Jiyanov Sardor, Xalqaro huquq fakulteti, 2-kurs, 2-o'rin
- Shohjahon Haydarqulov, Xalqaro huquq fakulteti, 1-kurs, 2-o'rin
- Samandar Soliyev, Xalqaro munosabatlar fakulteti, 1-kurs, 2-o'rin
- Umida Qurbonova, Xalqaro munosabatlar fakulteti, 1-kurs, 3-o'rin
- Nurfozil Latipov, Xalqaro munosabatlar fakulteti, 1-kurs, 3-o'rin
- Otabek Suyunov, Xalqaro huquq fakulteti, 1-kurs, 3-o'rin
G‘oliblarni muvaffaqiyatlari bilan qutlab, ularga yangi marralarda zafarlar tilab qolamiz!
Yoshlarni buyuk ajdodlarimiz merosini o‘rganishlariga qiziqtirish maqsadida amalga oshirilgan ushbu loyiha samarali natija berdi.