22.01.2022 1631

Ma’lumki so‘nggi yillarda yurtimizda demokratik islohotlarni amalga oshirish, jumladan, inson huquq va erkinliklari, qonun ustuvorligini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Darhaqiqat, “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari”  tamoyiliga asoslangan Yangi O‘zbekistonning “Taraqqiyot strategiyasi” ham milliy rivojlanishimizning yangi bosqichini boshlab beradi. Joriy yilning 21-yanvar kuni Oliy Majlis Senati raisi birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyili asosida universitetni tizimli isloh etish” mavzusida talabalar bilan onlayn uchrashdi.

Uchrashuvda universitet rektori asosiy qomusimiz kafili sifatida Konstitutsiya va qonunlarimiz talablarini so‘zsiz bajarish, “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyilni to‘la ro‘yobga chiqarishga qaratilgan “Taraqqiyot strategiyasi” doirasida amalga oshiriladigan eng ustuvor vazifalar haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi. Erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish, inson qadr-qimmati va uning qonuniy manfaatlarini ta’minlash, adolat va qonun ustuvorligi, milliy iqtisodiyotni, uning o‘sish sur’atlarini zamon talablari darajasida rivojlantirish, adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirishning eng muhim omili hisoblangan sifatli ta’lim-tarbiya masalasi, ma’naviy va ma’rifiy sohalar, shuningdek, global muammolar va ularga yechim topish, mamlakatimizda nihoyatda dolzarb hisoblangan tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashni o‘z ichiga olgan yetti muhim yo‘nalish mohiyati aniq misollar bilan tushuntirib berildi. Shuningdek, tadbir davomida universitetni tizimli isloh qilish ya’ni undagi ta’lim sifatini yanada oshirish, JIDUni “Smart” universitetga aylantirish, jahonning ilg‘or universitetlari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, professor-o‘qituvchilar hamda xodimlar malakasini oshirish bo‘yicha takliflar berib o‘tildi.

Ochiq muloqotda talaba-yoshlar ham faol ishtirok etib, mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohaza va takliflarini bildirib o‘tdilar. Ushbu onlayn uchrashuv universitetimiz talabalarining mamlakatimiz “Taraqqiyot strategiyasi”da ilgari surilgan ustuvor yo‘nalish va vazifalarni teran anglashga va uni amalga oshirishda munosib  hissa qo‘shishga ruhlantirdi.