20.01.2022 1334

18 yanvar kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Fransuz tilida soʻzlashuvchi mamlakatlar bo‘ylab qiziqarli sayohat” mavzusida viktorina bo‘lib o‘tdi. Interaktiv o‘yin Roman-German tillari kafedrasi tomonidan tashkil etildi. Ushbu tadbirdan ko’zlangan asosiy maqsad barcha fransuz tili va fransuz madaniyati ixlosmandlarini birlashtirishdan iborat. Avvalo, bu fransuz tilini o’rganuvchi talabalar uchun til bayrami bo’ldi.

Viktorinada barcha kurs talabalari 2 ta jamoaga bo'lingan holda ishtirok etdilar. O'yin 10 ta savoldan tashkil topgan 4 toifani o'z ichiga oldi. Viktorinani Xalqaro munosabatlar fakulteti 3-bosqich talabasi Jamalov Fazliddin olib bordi. O'yinning maqsadi nafaqat Frantsiya, balki barcha fransuz tilida soʻzlashuvchi mamlakatlar siyosati, geografiyasi, madaniyati, taniqli shaxslari haqida talabalarning bilimlarini kengaytirishdan iborat edi. Bundan tashqari, talabalar fransuz tili grammatikasi bo'limidagi savollarga javob berib, o’z bilim va ko'nikmalarini sinash imkoniyatiga ega bo’ldilar. Kafedra mudiri V.A.Mamatkasimova ushbu o'yinlarni tashkil etish talabalar orasida fransuz tilini ommalashtirish uchun zarurligini ta'kidladi.

Tadbir yakunida Madina Isomuhammedova, Galiya Sultonova, Nozima Alimatova, Maftuna Xasanova, Oidin Karimova, Madina Isroilova, Boburjon Abdug'aniyevlardan tashkil topgan jamoa viktorina g’oliblari deb e’lon qilindi.  Uchrashuv samimiy va do'stona ruhda bo'lib o'tdi, tadbirning o'zi esa iliq va o'zaro foydali bo'ldi.