Yangi Oʻzbekiston qudratli iqtisodiy salohiyatining yaqqol namoyoni
28.12.2021 1715
Kuni kecha davlatimiz rahbari Qashqadaryo viloyatidagi “Uzbekistan GTL” zavodiga tashrif buyurdi.
Darhaqiqat, zavod joylashgan hudud bir necha yil oldin quruq choʻl edi, xolos. Qisqa davrlar ichida aynan shu zonada gigant zavod qad rostladi. Ushbu kimyo klasterining qurilishi mamlakatimiz rahbarining doimiy e’tiborida boʻlib kelgan.
Shavkat Mirziyoyev 2017-2018-yillarda ham aynan shu yerga kelib, jarayonlar bilan tanishgan edi. Pandemiya sharoitiga qaramasdan ishlar toʻxtovsiz davom etdi. Natijada, bugungi kunda ushbu zavod toʻliq qurib bitkazildi.
Umumiy qiymati 3 milliard 420 ming dollarlik ushbu zavodning maydoni 135 gektar hisoblanadi. Shuni alohida qayd etishimiz lozimki, bunday yirik masshtabdagi loyiha shu paytgacha jahonda faqat 4 ta davlatda - Qatar, Nigeriya, Janubiy Afrika Respublikasi hamda Malayziyada barpo etilgan, xolos.
Ushbu zavodda Singapur, AQSh, Yaponiya, Koreya, Italiya, Germaniya, Xitoy kabi 24 mamlakatdagi 130 ga yaqin yetakchi korxonalarda tayyorlangan 10 mingdan ortiq uskunalar oʻrnatilganligi esa ushbu majmuaning naqadar ulkan loyiha ekanligidan dalolat berishi, shubhasiz. Ayniqsa, dunyodagi noyob 140 ta xalqaro litsenziya va patentlar olinganligi tahsinga sazovor.
Davlatimiz rahbari oʻz nutqida geologik qidiruv ishlarini chuqurlashtirish haqida alohida toʻxtalib oʻtdi. Ushbu tarmoqdagi qilinadigan ishlarning juda koʻpligi, ularga alohida xomashyo kerakligi alohida ta’kidlandi.
Darhaqiqat, “Yashil iqtisodiyot”ga oʻtayotgan dunyoda yangi geofizik uskunalardan foydalanib, geologik tadqiqotlarni kuchaytirish lozim. Bunday ulkan inshootning ishlashi uchun esa, albatta, katta hajmda energiya kerak. Zavodda esa bu borada mustaqil tizim tashkil etilgan. Shunisi ahamiyatliki, ish jarayonida hosil boʻladigan bugʻdan yiliga 650 million kilovatt-soat elektr energiyasi olinadi. Bu yoʻl bilan ushbu majmua oʻzini toʻliq elektr bilan ta’minlay oladi. Bundan tashqari, Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasi va endi quriladigan korxonaga ham elektr quvvati yetkazib bera oladi. Buning evaziga esa tejalgan elektr energiyasi xonadonlarga yoʻnaltiriladi. Bu tizim ham zavodning qanday mukammal reja asosida barpo etilganligidan dalolat beradi, albatta.
Davlatimiz rahbari tashrif davomida zavod markaziy boshqaruv markazida faoliyat yuritayotgan Amerikaning Honeywell korporatsiyasi treningida malaka oshirgan yoshlarimiz bilan uchrashdi. Zamonaviy bilimlarni egallab, xorijiy tillarni oʻrganib, xorijda tajriba oshirib, shunday ulkan zavodlarda faoliyat yuritayotgan yoshlarimizga qarata: “Bilimingiz - eng katta boyligingiz. Mana, hozir qoraqalpogʻistonlik operator yigit bilan gaplashdim: oyligim 15 million soʻm, dedi. Bunday yoshlarimiz koʻpayishini istardim. Buning uchun boshqa tengdoshlaringizni ham ilmga, hunarga undab, ortingizdan ergashtiring. Toshkent, Navoiy, Fargʻona, Buxoro viloyatlari va Usyurtda yana 5 ta kimyo texnologik klasterini tashkil etishni boshlaganmiz. Ularda kim ishlaydi? Sizlarga oʻxshagan oʻzimizning qora koʻzlar”, deya ta’kidladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti “Uzbekistan GTL” zavodining ochilish marosimida Yangi yil arafasida mamlakatimiz sanoatida yana bir yorqin sahifa ochayotgan tarixiy voqeaga guvoh boʻlish barchamiz uchun quvonchli voqea ekanligini alohida ta’kidladi. Bunday ulkan majmuaning barpo etilishi soʻnggi yillarda sanoat rivojini yangi bosqichga olib chiqish boʻyicha amalga oshirilayotgan davlatimiz siyosatining yorqin natijasi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi.
Ushbu zavod mamlakatimizda, umuman olganda, mintaqamizda neft-gaz-kimyo sanoati sohasidagi eng yirik majmua hisoblanadi. Korxonada yiliga 3,6 milliard metr kub tabiiy gaz qayta ishlanib, qiymati 1 milliard dollardan ortiq boʻlgan 1,5 million tonna suyuq mahsulotlar ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan.
Jumladan, 307 ming tonna aviakerosin, 724 ming tonna dizel yoqilgʻisi, 437 ming tonna nafta, 53 ming tonna suyultirilgan gaz tayyorlanadi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, ushbu mahsulotlar hisobiga, yiliga 500 million dollarlik import oʻrni qoplanadi, 200 million dollarlik eksport va 2 trillion soʻmlik soliq tushumlari ta’minlanadi.
Xalqaro energetika agentligi hisobkitoblariga koʻra, GTL mahsulotlarini ishlab chiqarish 2030-yilga borib 2 marta oʻsadi. Shu boisdan yanada yuqori qoʻshilgan qiymatli boshqa turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish ham ushbu korxonaning oʻz oldiga qoʻygan rejalaridan biri hisoblanadi.
Jumladan, zavod negizida alkil-benzol, buten va geksen, sintetik moylar, malein angidrid, emulsion qoʻshimchalar, katalizatorlar kabi mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha ham qiymati 620 million dollar boʻlgan 6 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Prezident oʻz nutqi davomida hozirgi kunda butun dunyo “Yashil iqtisodiyot”ga oʻtayotgani, savdo-sotiqda bu borada qoʻyayotganini alohida qayd etdi. “Uzbekistan GTL” mahsulotlari esa jahondagi eng yirik ekologik talablar va standardlarga toʻliq javob beradi. Bu yerda tayyorlanadigan sintetik yoqilgʻi an’anaviy yoqilgʻilarga nisbatan 40 foiz kam chiqindi va zararli gaz hosil qilishi ta’kidlandi. Buning hisobidan, yiliga 13 ming 500 tonna zararli gazlarning havoga tarqalishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ushbu zavod ishga tushganidan sng 1 ming 300 ta mutaxassis yuqori daromadli, doimiy ish oʻrniga ega boʻlishi belgilangan. Eng quvontiradigan jihati shundaki, zavod qurilishida qatnashgan mutaxassislarning qariyb 80 foizi oʻzimizning mahalliy kadrlar, yangicha ishlashga chanqoq yoshlar hisoblanadi. Ushbu tajriba esa kelgusida davlatimizda oʻz kuchimiz bilan yangi sanoat obyektlarini barpo etishda albatta juda kerak boʻladi.
Biz qancha ogʻir boʻlmasin, mamlakatimizni rivojlangan davlatlar qatoriga olib chiqish va xalqimiz uchun munosib turmush darajasini yaratish yoʻlida marrani baland olib ishlash va yashashga oʻrgandik.
Ana shunday ulugʻ maqsadlarga qiyinchiliklardan qoʻrqmasdan, yangi bilim va texnologiyalarni egallab, barchamiz birgalikda harakat qilib, albatta erishamiz.
Dilmurod Dilmurodov,
“Xalqaro munosabatlar” fakulteti 2-bosqich talabasi
Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot xizmati