20.12.2021 1577

17 dekabr kuni Toshkent shahridagi “Hilton” mehmonxonasida “Xavfsiz, tartibli va qonuniy migratsiyaga ko’maklashish hamda yo’lovchilar to’g’risidagi ma’lumotlarni oldindan almashish tizimini joriy etish” mavzusida xalqaro konferensiya bo’lib o’tdi. Ushbu nufuzli anjuman O’zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Migratsiya bo’yicha xalqaro tashkilot (IOM) hamkorligida 18-dekabr – Xalqaro migrantlar kuniga bag’ishlab tashkil etildi. Unda sohaga aloqador xalqaro tashkilotlar vakillari bilan bir qatorda, tegishli davlat idoralari ekspertlari, universitet olimlari, Ozarbayjon, Turkiya, Shveytsariya, Qozog’iston kabi davlatlarining amaliyotchi mutaxassislari va migratsiya masalalari boyicha tadqiqotchi olimlari ishtirok etishdi.

Zamonaviy xalqaro munosabatlarda migratsiya fenomeni muhim masalalardan biri bo’lib, uni qonuniy va madaniylashgan tarzda yo’lga qo’yish nihotayda dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Birlashgan Millatlar Tashkilotining ma’lumotlariga ko’ra, bugungi kunda dunyoda 281 milliondan ortiq xalqaro migrantlar mavjud bo’lib, ular dunyo aholisining 3.6 foizini tashkil etmoqda. Migratsiya muammosi, ayniqsa, bugungi global pandemiya sharoitida yanada jiddiy tus oldi. Pandemiya tufayli joriy etilgan talaygina cheklovlar natijasida mehnat migrantlari o’z davlatlaridan xorijga ishga chiqib ketish, yoki xorijiy davlatlardan o’z vatanlariga qaytib kelishda murakkab sinovlarga duch kelishmoqda. Global migratsiya sohasining huquqiy negizlarini takomillashtirish, inson huquqlari va qadr-qimmatining mustahkam himoyasiga asoslangan, xavfsiz va tartibli, qonuniy, bir so’z bilan aytganda, madaniylashgan migratsiya tizimini yo’lga qo’yishni hozirgi chigal xalqaro vaziyatning o’zi taqozo etmoqda. Xususan, migrantlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, xorijga mehnatga ketayotgan fuqarolarning professional va lingvistik mahoratlarini oshirish, kasb va hunar o’rgatishga qaratilgan qayta tayyorlov kurslarini tashkil etish hamda so’nggi yillarda bu borada mamlakatimizda amalga oshirilayotgan o’zgarishlar alohida ta’kidlandi.

Migratsiya bo’yicha xalqaro tashkilot tomonidan 18-dekabr­–Xalqaro migrantlar kuniga bag’ishlab Jahon Migratsiya Hisoboti – 2022 taqdimoti ham ushbu ilmiy anjuman doirasida bo’lib o’tganligi diqqatga sazovordir.   

Bundan tashqari, xavfsiz va tartibli migratsiyaga ko’maklashish maqsadida yo’lovchilar to’g’risidagi ma’lumotlarni oldindan almashish tizimini joriy etish masalasiga alohida urg’u berildi. Soha ekspertlarining qa’yd etishicha, xavfsiz va tartibli migratsiya jarayoni joriy etish inson mobilligi salohiyatidan unumli foydalanish va migrantlarning haq-huquqlarini ishonchli himoya qilish ular tomonidan o’z vatanlariga jo’natiladigan pul miqdorining oshib borishi zamin yaratadi.

Anjumanda ishtirok etgan Jahon iqtidosiyoti va diplomatiya universiteti dekani, siyosiy fanlar bo’yicha falsafa doktori Otabek Nayimov o’z nutqida migratsiyaning ko’p-qirrali fenomen ekanligini, uning ilmiy asoslarini mustahkamlash maqsadida mazkur omilning siyosiy, iqtisodiy va huquqiy jihatlariga oid tadqiqotlarni kuchaytirish lozimligiga e’tibor qaratdi. U, shuningdek, universitetning global migratsiya masalalari bilan shug’ullanuvchi xalqaro institutlar bilan o’zaro aloqalarini kengaytirish muhim vazifa ekanligini ta’kidladi. Mehnat migratsiyasi masalalari bo’yicha ilmiy hamkorlikni jonlantirish maqsadida JIDUda Migratsiya bo’yicha xalqaro tashkilotning Toshkentdagi ofisi ko’magida universitet magistr talabalari va doktorantlari uchun maxsus davra suhbatini tashkil etishga kelishib olindi.