13.12.2021 1511

Joriy yilning 10-11-dekabr kunlari “Inson huquqlari sohasidagi taʼlim: xalqaro tajriba va milliy amaliyot” mavzusida xalqaro konferensiyada boʻlib oʻtdi. Unda Inson huquqlari boʻyicha Milliy markaz, Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligi Akademiyalari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya hamda Toshkent davlat yuridik universiteti rahbarlari, professor-oʻqituvchilari ishtirok etdilar.

Konferensiyada Inson huquqlari sohasidagi Milliy taʼlim dasturi loyihasi taqdim etilib, mazkur yoʻnalish istiqboli koʻrib chiqildi. Ekspertlar tomonidan taʼlim konsorsiumini yaratish boʻyicha milliy amaliyot va bu boradagi xorijiy tajriba atroflicha tahlil qilindi.

Xususan, mavzu yuzasidan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori Ismailova Gulnoza Saydiganixodjayevna maʼruza qilib, oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.

Konferensiya natijalariga koʻra, inson huquqlari boʻyicha taʼlimni rivojlantirish maqsadida Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, Toshkent davlat yuridik universiteti va Bosh prokuratura Akademiyasi vakillaridan iborat tarkibda “Inson huquqlariga oid xalqaro huquq” qoʻshma magistratura mutaxassisligining dasturini ishlab chiqish va uni amalga oshirish boʻyicha Konsorsium tashkil etilishiga kelishildi.

Anjuman yakunida “Raqamli avlod. COVID-19 pandemiyasi davrida inson huquqlari boʻyicha taʼlim” mavzusida yoshlar oʻrtasida oʻtkazilgan Respublika koʻrik-tanlovi gʻoliblari taqdirlandilar. Unda “Inson huquqlari va erkinliklariga bagʻishlangan eng yaxshi maqola” nomli nominatsiya boʻyicha Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti “Huquq nazariyasi va davlat boshqaruvi” kafedrasi oʻqituvchisi Shahlo Safarova 1-oʻrinni qoʻlga kiritganligi eʼtirof etildi.