09.12.2021 1709

Ma’lumki, har qanday huquqiy demokratik davlatning eng asosiy prinsiplaridan biri - bu qonun ustuvorligidir. Bosh qomusimiz bo’lgan Konstitutsiya - yurtimizda huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati, erkin bozor munosabatlariga asoslangan iqtisodiyotni tarkib toptirish, xalqimiz uchun farovon hayot barpo etish, mamlakatimizning xalqaro maydonda munosib o‘rin egallab turishda xizmat qiladigan mustahkam poydevor sanaladi.

Respublikamiz mustaqillikka erishgach, 1992-yil 8-dekabrda Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 12-chaqiriq oʼn birinchi sessiyasida mustaqil davlatimizning huquqiy asosi Oʼzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilindi. Oʼtgan qisqa davrda jamiyatimizning siyosiy-huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy qiyofasi, odamlarimizning dunyoqarashi butunlay oʼzgargani, har bir yurtdoshimizning mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qoʼshayotgani Bosh qomusimizning hayotbaxsh qudrati va ulkan salohiyatidan dalolat beradi. Аna shu ulkan salohiyatga tayanib, xalqimiz bugungi kunda murakkab sinovlarni mardona yengib, yurtimizda erkin, obod va farovon hayot – yangi Oʼzbekistonni barpo etish yoʼlida fidokorona mehnat qilmoqda.

Аsosiy Qonunimizda birinchi navbatda shaxs manfaatining davlat manfaatidan ustun etib belgilangani, inson, uning huquq va erkinliklari hamda manfaatlari eng oliy qadriyat sifatida muhrlab qoʼyilganligi, Oʼzbekistonda davlat hokimiyatining birdan-bir manbai xalq boʼlib, davlat xalqning irodasini ifodalashi, uning manfaatlariga xizmat qilishi ta'minlangan.

Konstitutsiyamiz yaratib bergan ulkan huquqiy imkoniyatlarning samarasi boʼlgan bunday yutuq va natijalar barchamizga albatta yuksak gʼurur va iftixor bagʼishlaydi. Shu maqsadda, “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 29 yilligi” munosabati bilan JIDU da universitet professor-o’qituvchilari, talaba-yoshlar ishtirokida tadbir tashkil etildi.

Tadbirni Konstitutsiyamiz yaratilishida bevosita ishtirok etgan JIDU Xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori S.Saidqosimov ochib berib, Konstitutsiyamiz mohiyatiga chuqur singdirilgan demokratiya va ijtimoiy  adolatga sadoqat hamda insonparvarlik tamoyillarini taʼminlash boʼyicha mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tizimli demokratik islohotlar haqida batafsil toʼxtalib oʼtdi.

Shuningdek, tadbirda so’zga chiqqan I.Xamedov Bosh qomusimiz mamlakatimizda suveren demokratik davlat barpo etish, inson manfaatlari, huquq va erkinliklarini ta’minlash, iqtisodiyotimiz rivoji va turmushimiz farovonligini yuksaltirishning asosiy huquqiy kafolati ekanligi ta’kidlab, uning yaratilishidagi hotiralar bilan o‘rtoqlashdi.

Shuningdek tadbirda talabalar ham Bosh Qomusimizning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyati, yoshlarimiz qalbida qonunga hurmat, Vatanga mehr va sadoqat tuyg‘usini kuchaytirish, huquqiy ong va madaniyatni oshirish, bosh qomusimizning yaratilish tarixi, unga kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar haqida  o’zlarining badiiy chiqishlar, taqdimotlar orqali o’z fikr-mulohazalarini bildirib o’tdilar.