5 tashabbus har doim biz bilan birga!
02.12.2021 1502
Bugungi kunda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida ta’lim jarayonlari masofaviy olib borilayotganligiga qaramasdan talabalar va tyutorlar ma’naviy-ma’rifiy jarayonlar uzluksizligini ta’minlashda o‘z faolligini ko‘rsatishmoqdalar. Xususan, universitet tyutorlari D.To‘xtayeva, A.Abdujalilov, G.Mansurova, S.Nosirova, A.Begmurodovlarning talabalar bilan Toshkent shahridagi teatr, muzey va boshqa turistik obyektlarga tashriflari yosh diplomatlarda chuqur taassurot qoldirdilar. Yoshlar teatr madaniy hordiq chiqarish uchungina emas, balki undagi namoyish etiladigan sahnalarni tomosha qilib, inson jamiyatdagi voqe’liklarni, kechinmalarni teran anglashi mumkinligiga hamda har bir insonga hayotiy saboqlar beruvchi jonli vosita ekanligiga yana bir bor amin bo‘ldilar. Bejizga Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 tashabbusning birinchisi, aynan, yoshlarni musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san’atning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirishga qaratilmaganligini beixtiyor anglaymiz.
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan besh tashabbusni yodga olar ekanmiz 2-tashabbus - yoshlarni jismoniy chiniqtirish va sport sohasidagi qobiliyatlarini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratib berishda universitet sport murabbiylari Sh.Dilmurodov va D.Raxmatovlar ham jim qarab turmasdan 3 ta fakultetlarning 1-bosqich talabalari o‘rtasida 6 ta jamoalar ishtirokida minifutbol bo‘yicha minimusobaqa tashkil etdilar. Ushbu musobaqada Xalqaro iqtisodiyot va menejment fakultetining “UWED United” jamoasi 1-o‘rinni qo‘lga kiritdi. O‘qituvchi I.Uvraimov (o‘zi boshqa fan mutaxassisi bo’lishiga qaramasdan talabalarni sportga jalb qilishda juda faol, baraka topsin, boshqa o‘qituvchilar ham o‘rnak olsa bo‘larmidi?) ham salmoqli natijani qo‘lga kiritmasada 2,3 bosqich talabalardan iborat jamoalar bilan shahar va respublika miqyosidagi musobaqalarda faol ishtirok etdi. Bu to‘g‘rida I.Uvraimov shunday deydi: “Biz uchun sportda muhimi g‘alaba emas, biz uchun sportda muhimi sog‘lik!”.
Yoshlarni kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirishga qaratilgan 4-tashabbusda ham tyutorlar faollik ko‘rsatib milliy va jahon adabiyoti durdonalari to‘g‘risida talabalar bilan turli suhbat va uchrashuvlar tashkil qilishmoqdalar.
Universitetga yaqinda ishga qabul qilingan psixolog O.Arziyev ham qo’l qovushtirib qarab turmasdan ma’naviy muhitdan ajralib qolayotgan talabalar va xodimlar bilan ishlarni faollashtirishga, ularni qiynayotgan muammolarga yechim topishga o’z hissasini qo‘shib kelmoqda.
Hozirda universitetimiz talabalar “8-dekabr – Konstitutsiya kuni”ga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rishmoqda.