29.10.2021 1635

2021-yilning 27-oktabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida B2Gold Mining kompaniyasining hukumat bilan aloqalar bo‘yicha vitse-prezidenti, Kanadaning Kosta-Rika, Nikaragua va Gondurasdagi sobiq elchisi, Prezident saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida O‘zbekistonga tashrif buyurgan Neil Rider (AQSh) bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Neil Rider tashrifini universitet rektori Sodiq Safayev qabul qildi. Uchrashuvda mehmon O‘zbekistonga tashrifi davomida orttirgan taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi.

Uchrashuvning keyingi qismi JIDU talabalari va o‘qituvchilari uchun ma’ruzadan iborat bo‘lib, unda Neil Rider o‘zining hayotiy tajribasi, jumladan, 35 yillik diplomatik faoliyati to`g`risida so`z yuritdi.

Janob Rider B2Gold tog'-kon kompaniyasi taqdimotini o'tkazish barobarida O'zbekistonda oltin qazib olish sanoatining istiqbollari haqida o'z qarashlarini bildirdi. Ushbu kompaniyaning mamlakatimizdagi faoliyati va istiqbollari haqida alohida to`xtalib o`tdi. Uchrashuv davomida Kanada kompaniyasi mamlakatimiz oltin qazib olish sanoatiga ilk bor 2018-yilda Navoiy viloyatidagi konlarni o‘zlashtirish bo‘yicha kirib kelganligi va birgina 2020-yil uchun mazkur loyihaga yo‘naltirilgan investitsiyalar hajmi qariyb 3 million AQSH dollarini tashkil etganligi haqida ma’lumotlar berib o`tildi.

Ma’ruzachi O‘zbekiston oltin zahiralari va resurslari bo‘yicha jahonda yetakchi o‘rinlardan birini egallaganligi sababli bu borada ulkan imkoniyatlarga ega ekanligi haqida ta`kidlab o`tdi.

Ingliz tilida o‘tkazilgan ma’ruza davomida talabalar va o‘qituvchilar o‘zlarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga atroflicha javob oldilar.

Uchrashuv so‘ngida kanadalik diplomat uchrashuvdan chuqur mamnunligini bildirib, uning tashkilotchilariga alohida minnatdorchilik bildirdi.