Ona tilimiz taqdiri bizning qo‘limizda!
22.10.2021 2197
Til davlat qudrati, nufuzi ramzidir. Milliy va madaniy boyligimiz, davlatchiligimiz timsoli, g‘urur va sha’nimiz bo‘lgan ona tilimizga davlat tili maqomi berilganiga 32 yil to‘lishi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Ona tilimiz taqdiri bizning qo‘limizda!” shiori ostida keng nishonlanmoqda.
O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan o‘tkazilayotgan tadbirlar oyligi doirasida “Ona tilimiz taqdiri bizning qo‘limizda!” publitsistik maqolalar tanlovi, “Xalqning umrboqiyligi – uning tili bilandir” mavzusida insholar tanlovi, “Ona tilim o‘lmaydi” mavzusida videoroliklar tanlovi, “Mening ona tilim, munis, mehribon, Sen Turkiy Dunyoning g‘olib xayoli - Seni yozajakman, tirilgan jahon” shiori ostida yosh ijodkorlar tanlovlari bo‘lib o‘tdi. Tanlovda 60 dan ortiq talabalar ishtirok etdilar.
20–oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida TIV xodimlari, diplomatlar, chet eldagi elchixonamiz vakillari va JIDU talabalari ishtirokida “Davlat tashkilotlarida o‘zbek tilidan foydalanishni takomillashtirish” mavzusida davra suhbati bo‘ldi. Unda til sohasida qo‘lga kiritilgan ulkan yutuqlar, tilimizga davlat siyosati darajasida berilayotgan e’tibor, hozirgi kunda o‘zbek tilining rasmiy ish yuritish tili sifatida barcha sohalardagi o‘rni, xalqaro hujjatlardagi maqomi, yuksak madaniy til masalari, soha tili muammolari haqida so‘z bordi. Tadbir ishtirokchilari davlat tilini yanada takomillashtirish borasida zarur vazifalarni belgilab oldilar.
21-oktabr kuni taniqli yozuvchi, shoir, tarjimon va adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori Ulug‘bek Hamdam bilan "Til - ma'naviyat ko'zgusi" mavzusida ZOOM dasturi orqali onlayn formatda davra-suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda JIDU professor-o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etdilar. O‘zbek va rus tillar kafedrasi mudiri M. Abduraxmanova kirish nutqida barcha yig‘ilganlarni bayram bilan qutladi hamda tilimizga davlat tili maqomi berilgan sanadan buyon o‘tgan davr ichida erishilgan yutuqlar, ayni paytda uning buguni hamda kelajagi bilan bog‘liq muammolarga qisqa to‘xtalib o‘tdi. Kafedra dotsenti, f.f.n. Sh. Normatova o‘zbek tilining qudrati hamda imkoniyatlarini namoyish qilishda ijodkor qalam ahli – shoir va yozuvchilarning ulkan xizmatlarini ta’kidladi. Shundan so‘ng navbat Ulug‘bek Hamdamga berildi. Notiq o‘zbek tili bayramining ahamiyati, uning tub mohiyati, qadrini alohida e’tirof etdi; til hamda adabiyot, ularning jamiyatdagi, inson ma’naviy hayotidagi o‘rni, shu bilan bog‘liq o‘zini o‘ylantirgan muammolar bilan o’rtoqlashdi. Yozuvchi, shoir va munaqqid sifatida tanilgan serqirra ijodkorning jo‘shqin, qamrovli hamda mazmunli nutqi tinglovchilarda chuqur taassurot qoldirdi.
Uchrashuv so‘ngida talabalar hurmatli mehmonga o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar, sermazmun javoblarni tingladilar, foydali maslahatlar oldilar. Talabalar tomonidan Ulug‘bek Hamdam qalamiga mansub she’rlarning yoddan o‘qilishi bayramga alohida shoirona ruh baxsh etdi.
Ushbu uchrashuv “Ona tilimiz taqdiri bizning qo‘limizda!” shiori ostida o‘tkazilayotgan oylik tadbirlarning o‘ziga xos yakuni bo‘ldi.