14.10.2021 5530

2021-yil 14-oktabrda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Yangi O‘zbekiston strategiyasi: milliy rivojlanish istiqbollari” mavzusida ilmiy-amaliy videokonferensiya bo‘lib o‘tdi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M. Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” kitobiga bag‘ishlandi. Videokonferensiya davomida Yangi O‘zbekiston va Uchinchi Renessans konsepsiyasi doirasida yangi turdagi jamiyat va davlat qurish asosini yaratishga qaratilgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar har tomonlama va chuqur tahlil qilib berildi.

Konferensiya tashkilotchilari – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati va Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti.

Tadbirda JIDU professor-o‘qituvchilar tarkibi, magistrlar va talabalar, mamlakat ilmiy-ta’lim muassasalari, ekspert hamjamiyatlar vakillari ishtirok etdilar. Yuksak martabali mehmonlar sirasida – janob Pierre-Emmanuel Thomann (Belgiya), Alkis Drakinos, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbariqatnashdilar.

Konferensiyadagi bahs-munozaralarning mazmun-mundarijasini Prezident asari zamiridagi asosiy g‘oya hamda qarashlar belgilab berdi. Sho‘ba yig‘ilishlari doirasida “Yangi O‘zbekiston strategiyasi”: mohiyati va tamoyillari, “Milliy iqtisodiyot rivojlanishi”, “Adolatli ijtimoiy siyosat va ma’naviy taraqqiyot”, “O‘zbekistonning ochiq va pragmatik tashqi siyosati va umuminsoniy muammolar” mavzulari ko‘rib chiqildi. Tadbir davomida, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining hozirgi bosqichda jahon hamjamiyati bilan hamkorligining dolzarb masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari JIDU rektori S.Safoyev so‘zlagan kirish nutqida mamlakatning yangi imijini shakllantirish va respublika Rahbariyatining bu borada xalqaro maydondagi qizg‘in va samarali sa’y-harakatlarining asosiy masalalariga to‘xtaldi.

JIDU prorektori G. Ismailova o‘zining “Yangi O‘zbekiston: yangilanish va taraqqiyot omillari” ma’ruzasida ishtirokchilarni O‘zbekiston tomonidan qisqa tarixiy davr ichida erishilgan islohotlarning aniq natijalari bilan tanishtirdi.

G. Utemuratova va I.R. Mavlonovlarning ma’ruzalarida milliy iqtisodiyot rivoji masalalariga alohida urg‘u berildi.

O‘zbekistonda adolatl ijtimoiy siyosat va ma’naviyat rivoji masalalari yuzasidan bahs-munozaralar alohida diqqatga sazovordir.

“Markaziy Osiyo – Yangi O‘zbekiston tashqi siyosatidagi bosh ustuvor yo‘nalish” (I.X. Yoqubov), “Markaziy va Janubiy Osiyo: hamkorlikning yangi shakllari” (R.B. Mahmudov) mavzusidagi chiqishlar ishtirokchilar tomonidan qiziqish bilan kutib olindi.

Tadbirning yakunlovchi qismida A.Sharapovning “O‘zbekistonda bugungi kun va rivojlanishning global muammolari” ma’ruzasi tinglandi.

Konferensiyaning xorijlik qatnashchilari o‘z chiqishlarida respublikada Prezident Sh. Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonlariga, shuningdek, O‘zbekiston rahbarining mamlakatning xalqaro nufuzni oshirishga xizmat qilgan ochiq va izchil tashqi siyosatiga yuqori baho berdilar.

Tadbir davomida ilmiy va ekspertlar hamjamiyati, yosh olimlar va talabalar vakillarining qizg‘in bahs-munozaralari bo‘lib o‘tdi.

Tadbir so‘ngida JIDUning xalqaro aloqalar bo‘yicha prorektori, professor, f.f.n. n S. Saidqosimov anjuman natijalarini sarhisob qilib, O'zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyevning "Yangi O'zbekiston strategiyasi: milliy taraqqiyot istiqbollari" asari nafaqat respublika va JIDU akademik jamoasi hamda talabalari balki, chet ellik mutaxassislar va ekspertlarning keng doirasi uchun ham muhim dasturamalga aylanishiga ishonch bildirdi.