Turkiy Kengash Mahmud Qoshg'ariyning ilmiy merosi bo'yicha xalqaro konferensiya tashkil etdi
13.10.2021 1923
Istanbul shahrida Turkiy Kengash (Turkic Council - Türk Keneşi), Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti hamda Istanbul va Marmara universitetlari hamkorligida “Mahmud Qoshg‘ariyning ilmiy merosi va uning uchinchi mingyillik turkologiyasi rivojlanishidagi o‘rni” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbirda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Turkiya, O‘zbekiston, Tojikiston, Eron, Rossiya, Ukraina va AQSHdan 16ta universitet va tashkilot vakillaridan iborat bo‘lgan 30ta ma’ruzachi va 40dan ortiq ekspertlar ishtirok etdilar. Konferensiyada O‘zbek va rus tillari kafedrasi mudiri Mehribon Abduraxmanova “Devonu lug‘otit turk” leksikasi tahlili hamda hozirgi zamon o‘zbek tilshunosligi oldida turgan muhim vazifalar” mavzusida ma’ruza qildi.
Konferensiyaning ochilish marosimi bundan deyarli 600 yil oldin birinchi oliy ta'lim muassasasi sifatida tashkil etilgan Istanbul universitetining tarixiy binosida bo'lib o'tdi. Keyingi uchrashuvlar Turkiy Kengash qarorgohida davom etdi va Marmara universitetida yakunlandi.
“Devonu lug‘otit turk” kabi ajdodlarimizning asarlarini keng o‘rganish nafaqat boy tariximiz va madaniyatimizni anglash va jahonga tanitish, balki turkiy davlatlarni yanada yaqinlashtirish va turkiy dunyo xalqlarining qardoshlik munosabatlarini yanada mustahkamlash yo‘lida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Konferensiya ishtirokchilari ham bu durdona asar turkiy xalqlarning birinchi noyob ilmiy yozma yodgorliklaridan biri sifatida turkiy tilning barcha zamonaviy dialektlari tarixi bilan bevosita bog'liqligini ta'kidladilar.
Turkiy Kengash Bosh kotibi o'rinbosari janob Mirvohid Azimov ham bunday tadbirlar Turkiy kengashga a’zo davlatlarning oliy oֲ‘quv yurtlari va tadqiqot markazlarini jahon turkiy merosini targ'ib qilish va ommalashtirishga jalb qilishini, Turkiy Kengash bunday tashabbuslarni har tomonlama qo‘llab -quvvatlashini va bu konferensiya turkiy xalqlarning madaniy-gumanitar aloqalarini kengaytirishini alohida e’tirof etdi.