JIDU rahbariyatining YUNESKO vakolatxonasi rahbari bilan uchrashuvi
23.09.2021 1536
2021-yil 22-sentabr kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyevning YUNESKOning O'zbekistondagi vakolatxonasi rahbari v.b. Aleksandros Makarigakis bilan uchrashuvi bo'lib o'tdi. JIDU tomonidan uchrashuvda ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo'yicha prorektor G. Ismailova, YUNESKOning "Xalqaro huquq va inson huquqlari" kafedrasi mudiri O. Yusupjanov va doktorant S. Ikramov ishtirok etdilar.
Universitet rektori Sodiq Safoyev tashrif uchun mehmonga minnatdorlik bildirib, JIDU haqida ma'lumot berdi, universitetning YUNESKOning O'zbekistondagi vakolatxonasi bilan o'zaro hamkorligi alohida ahamiyatga ega ekanini ta'kidladi. JIDUning YUNESKO bilan hamkorligi ko'p yillik tajribasi 1998 yilda YUNESKO shafeligida tashkil etilgan "Xalqaro huquq va inson huquqlari" kafedrasi faoliyatida, shuningdek, turli qo'shma loyihalar va tadbirlarni amalga oshirishda namoyon bo'ladi.
Uchrashuv chog'ida tomonlar universitetning YUNESKO bilan hamkorligini chuqurlashtirish va kengaytirish bo'yicha kelgusidagi harakatlar rejasi yuzasidan fikr almashdilar. Rektor S. Safoyev ikki tomonlama hamkorlik doirasida yangi qo'shma loyihalar va tadbirlar bo'yicha qator takliflar ilgari surdi. Xususan, YUNESKO ko'magida moddiy va nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish va asrash tizimini o'rganish, rivojlantirish va modernizatsiya qilish bo'yicha ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish. Universitet qoshida YUNESKO shafeligida madaniyatlararo aloqalar va madaniy muloqot markazini tashkil etish masalasi ham suhbat davomida ko'tarildi. Ushbu takliflar janob A. Makarigakis tomonidan qo'llab-quvvatlandi. Bundan tashqari, tomonlar xorijiy olimlar va YUNESKOning ekspertlarini JIDUga mehmon ma'ruzachi sifatida jalb qilish, YUNESKOning "Xalqaro huquq va inson huquqlari" kafedrasi negizida YUNESKO kutubxonasini (resurs markazini) tashkil etish, shuningdek, Universitetning kutubxonasini tashkilotning nashrlari bilan to'ldirishga kelishib oldilar. Tomonlar YUNESKO kafedrasi faoliyati doirasida universitetning YUNESKO bilan hamkorligi muhimligini alohida ta'kidladilar. Shu munosabat bilan kafedraning faoliyatini modernizatsiya qilish va takomillashtirish, universitetning Xalqaro ma'rifat byurosi, Tinchlik va barqaror rivojlanish manfaatlari yo'lida ta'lim berish bo’yicha Mahatma Gandi instituti bilan kelgusi hamkorlik, shuningdek, UNITWIN tarmog'ida ishtirok etish kabi masalalar ko'rib chiqildi.
A. Makarigakis YUNESKO bilan JIDU hamkorligi yanada mustahkamlanishi va rivojlanishiga o'z ishonchini bildirdi va, qolaversa, YUNESKOning Toshkentdagi vakolatxonasi kelishilgan loyiha va tadbirlarni amalga oshirishda yordam berishga tayyorligini bildirdi.