26.08.2021 1819

O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “O’zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o’ttiz yillik bayramiga tayyorgarlik ko’rish va uni yuqori saviyada o’tkazish to’g’risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Mirzo Ulug’bek tumani “Beshkapa” mahalla fuqarolar yig’ini  binosida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv bo’lib o‘tdi. Bu tadbirda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professor-o’qituvchilari, talabalari hamda mahalla faollari ishtirok etishdi.

Xalqaro munosabatlar fakulteti dekani muovini Sayyora Tillaxodjayeva tadbir ishtirokchilarini joriy yilning 17-avgust kuni O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi O’zbekiston” gazetasiga bergan intervyusining mazmun-mohiyati bilan tanishtirdi. Yangi O‘zbekistonni barpo etishda tashqi siyosatga, xorijiy davlatlar bilan do‘stona hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga hamda  ichki va tashqi siyosatning o‘zaro uyg‘un jihatlariga alohida to’xtalib o’tdi.

Tadbirda Xalqaro huquq fakulteti o’qituvchisi N.Qodirova “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, “Insonlarning dardu tashvishlarini o’ylab yashash – odamiylikning eng oliy mezonidir”, “Xalqimiz o’z hayotida ijobiy o’zgarishlarni ertaga emas, uzoq kelajakda emas, aynan bugun ko’rishi kerak“ kabi hayotiy g’oyalarga asoslangan o’zgarishlar eng avvalo mamlakatda inson huquqlari va erkinliklarini to’liq ta’minlashga qaratilgani bilan muhim ahamiyatga ega ekanligini ta’kidladi.

So’ngra Xalqaro munosabatlar fakulteti o’qituvchisi Dilnoza Xudoyberganova  so’zga chiqib, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan mamlakat taraqqiyotining oltita ustuvor vazifalari haqida ma’lumot berdi. Shuningdek bugungi kunda mamlakatimiz yoshlariga yoritib berilayotgan keng imkoniyatlar haqida o’z fikr-mulohazalari bilan o’rtoqlashdi.