21.08.2021 2223

Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi tarixan yaqin va do‘stona aloqalarni, ishonch va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini ikki mintaqa xalqlari va manfaatlari yo‘lida mustahkamlash oldimizda turgan dolzarb vazifalardan hisoblanadi. Mintaqaviy bog‘liqlikni yanada mustahkamlash uchun, avvalo, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsion va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish kerak.

Joriy yilning 18-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti tashabbusi bilan Konrad Adenauer jamg‘armasining Markaziy Osiyo bo‘yicha vakolatxonasi hamda Markaziy Osiyo xalqaro instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan “Markaziy va Janubiy Osiyoning o‘zaro bog‘liqligi: poydevori, istiqbollari, geostrategik ahamiyati” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya davlatimiz rahbari tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyaning yakuni, unda belgilangan maqsad va vazifalarning ijrosiga bag‘ishlandi.

Ushbu konferensiya davomida Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev Toshkent konferensiyasining mintaqani rivojlantirishdagi amaliy ahamiyatli jihati, mamlakatimiz tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslar haqida batafsil to‘xtalib o‘tdi.

Shuni alohida qayd etish lozimki, anjuman ishida nafaqat Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari mamlakatlari, balki dunyoning eng yirik davlatlari ishtirokini ta’minlanishi yangi geosiyosiy voqelikni namoyon qiladi. Ilmiy-amaliy konferensiya yakunlari boʻyicha kitobxonlarning keng doirasi uchun “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi Toshkent konferensiyasining asosiy natijalari va yutuqlarini batafsil izohlab beruvchi uslubiy qoʻllanma tayyorlanishi esa yana bir bor ushbu xalqaro konferensiyaning dunyo miqyosidagi yuqori nufuzini namoyon etadi.

Dilmurod Dilmurodov,
“Xalqaro munosabatlar” fakulteti 2-bosqich talabasi