Markaziy va Janubiy Osiyo: hamkorlikning yangi yoʻllari
19.07.2021 2490
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyov tashabbusi bilan 15-16 kunlari Toshkentda “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy oʻzaro hamkorlik. Qiyinchiliklar va imkoniyatlar” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi.
Forumning asosiy maqsadi Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi tarixan yaqin va doʻstona aloqalarni, ikki mintaqaning barcha xalqlari va davlatlari manfaati yoʻlida ishonch va yaxshi qoʻshnichilikka asoslagan munosabatlarni mustahkamlashdan iborat. Konferensiya transport va logistika, energetika, savdo, ishlab chiqarish, investitsiya, texnologik, madaniy-gumanitar sohalarda oʻzaro manfaatli strategik boʻgʻin boʻlgan “Markaziy Osiyo-Janubiy Osiyo” modelini koʻp tomonlama muhokama qilish uchun siyosiy va ekspert platformasini shakllantirishga xizmat qildi.
Konferensiya yakuni iqtisodiyot, investitsiya, energetika va texnologik innovatsiyalar yoʻnalishida, eng avvalo “yashil” texnologiyalar sohasida hamkorlikni oshirish zarurligini tasdiqladi va bu sohalarda loyiha va tashabbuslarni amalga oshirishda kuzatilayotgan taraqqiyot eʼtirof etildi.
Mazkur keng koʻlamli tadbir doirasida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetidan doktorantlar Amanlik Gulimov, Saidakmal Ikramov, Abbos Boboxonov, Elyor Moyliyev, Sanjar Xolboyevlar Markaziy Osiyo xalqaro instituti tahliliy guruhida ekspert sifatida ishtirok etishdi.
Bundan tashqari, forumni tashkil etishda JIDUning bir guruh talabalari tarjimon-volontyorlar sifatida konferensiya qatnashchilariga xorijiy mehmonlarni kutib olish hamda hamrohlik qilishda yordam berishdi. Olim, diplomat, jurnalist va xalqaro ekspertlarning faoliyati bilan yaqindan tanishish talabalarga birinchi oʻrinda amaliyot, shuningdek kelgusida bu kabi tadbirlarni mustaqil tashkillashtirish va ishtirokchi sifatida qatnashish malakasi oshirishga koʻmak beradi.