06.07.2021 1749

YUNESKOning xalqaro huquq va inson huquqlari kafedrasi dotsenti Surayyo Usmanova ishtirokida Mirzo Ulugʻbek tumanidagi “Boʻz” mahalla fuqarolar yigʻinida “Oʻzbekistonda yoshlar oʻrtasidagi huquqbuzarliklarni oldini olish masalalari: xalqaro standartlar va milliy qonunchilik” mavzusida suhbat boʻlib oʻtdi. Uchrashuvni MFY raisi Olga Panfilova ochib berib, OTM bilan yoʻlga qoʻyilgan hamkorlik va uning yoshlarga taʼsiri haqida gapirib oʻtdi.

Suhbatda dastlab yoshlar oʻrtasida huquqbuzarliklar profilaktikasining xalqaro va milliy huquqiy asoslari haqida toʻxtalib oʻtildi. Mamlakatda aholining 18,9 mln nafari yoki 54 foizini 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar va bolalar tashkil etadi. 2020-yili qayd etilgan jami jinoyatlarning 14 378 tasi (23,2%) ham aynan yoshlar tomonidan sodir etilgan. Bu raqamlar, yoshlar huquqbuzarligi profilaktikasi naqadar muhim ekanligidan darakdir.

Huquqbuzarliklar profilaktikasini avvalo jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olish tizimini takomillashtirishmasdan amalga oshirib boʻlmaydi. Shu bois mazkur masala 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida “Qonun ustuvorligini taʼminlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning ustuvor yoʻnalishlaridan biri” sifatida belgilangan. Suhbatda bu yoʻnalishdagi statistik maʼlumotlarga ham toʻxtalib oʻtildi. Shuningdek, davra suhbatida Surayyo Usmanova  “Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Farmoni, “Oʻquvchi va talaba yoshlar oʻrtasida oʻtkaziladigan respublika sport musobaqalari tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida” gi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qarori, “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Qarori, “Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qarori va boshqa huquqiy hujjatlar haqida maʼlumot berdi.

Muloqot davomida BMTning Bola huquqlari toʻgʻrisidagi Konvensiyasi (1989), BMTning Balogʻatga yetmagan bolalarga nisbatan odil sudlov yuritishga doir minimal standart qoidalari (Pekin qoidalari, 1985), BMTning Voyaga yetmaganlar oʻrtasida jinoyatlarning oldini olish uchun bosh tamoyillari (Ar-Riyod bosh tamoyillari, 1990) haqida ham toʻhtalib oʻtildi.

Shuningdek, maʼruzachi suhbat yakunida mahalla yoshlarining qiziqishlari, boʻsh vaqtlarida nimalar bilan band ekanliklari hamda mahalla yoshlarining asosiy muammolari haqida soʻradi. Uchrashuv qatnashchilari oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat etib tegishli javoblarni olishdi.