Bugun Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi qabul qilingan kun
02.07.2021 3443
“Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi toʻgʻrisida”gi qonun 1992-yil 2-iyulda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining X sessiyasida qabul qilingan. Unga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining ramzidir. Davlat ramzi oʻzbek xalqining asrlar davomidagi orzu-umidlari va turmushidagi qadriyatlarni namoyon etgan.
Bugun ushbu muqaddas ramzni kattayu kichik birdek qadrlaydi. Unda jonajon Oʻzbekistonimizning tom maʼnodagi asl tasvirini koʻradi. Gerbimizga har bir hamyurtimiz alohida ehtirom bilan munosabatda boʻlishi mamlakatimizda ezgu qadriyatga aylangan.
Ushbu sanaga bagʻishlab telemarafon, Davlat gerbining ahamiyati, uni ulugʻlashga qaratilgan interfaol madaniy-maʼrifiy tadbirlar, fleshmoblar, anjumanlar oʻtkaziladi. Bularning barchasi Davlat gerbining ahamiyatini yosh avlod ongiga yanada mustahkam singdirish, ularni ulugʻ ajdodlarimizga munosib, yurtparvar insonlar etib kamolga yetkazishdek maqsadlarga yoʻnaltirilgani bilan ahamiyatlidir.