Chet tillarini chuqur oʻrgatish markazini tuzish boʻyicha muzokaralar davom etmoqda
30.06.2021 1676
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti negizida Chet tillarini chuqur oʻrgatish markazini tuzish boʻyicha amaliy ishlar davom etmoqda. Bugun JIDU rektori Komiljon Karimov BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska xonim bilan onlayn tarzda muloqot qildi.
Unda kun tartibidagi asosiy vazifa sifatida JIDUda tashkil etiladigan Chet tillarini chuqur oʻrgatish markazi loyihasi muhokama etildi. Oʻzbekistondagi turli islohotlarda oʻz faol pozitsiyasi bilan qatnashuvchi BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi rahbari mazkur markaz tuzilishi hamda uning kelgusi faoliyatini ham yuqori baholadi.
Taʼlim sohasidagi bu eʼtibor – Birlashgan Millatlar Tashkilotining ishchi tillari boʻlgan ingliz, arab, ispan, xitoy, rus va fransuz tillari hamda boshqa xorijiy tillarni oʻrgatishni chuqurlashtirish mamlakat taraqqiyotida ijobiy taʼsir qilishini taʼkidladi. Tomonlar oʻrtasida almashilgan markaz memorandumining dastlabki loyihasida zamonaviy va samarali uslubda chet tillarini oʻqitish, bu orqali davlat xizmatchilari va talabalarni kasbiy qayta tayyorlash, malakasini oshirish belgilangan.
BMT Taraqqiyot dasturi 1993-yildan buyon Oʻzbekistonda faoliyat koʻrsatmoqda. Bu esa oʻtgan davr ichida mamlakat qanchalik rivojlanganiga xolis baho berish imkonini beradi. Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston islohotlar va tashqi dunyoga nisbatan ochiqlik siyosatini olib bormoqda. Bu holat birgina Oʻzbekistonga emas balki butun Markaziy Osiyoning xalqaro munosabatlari va hamkorligiga ijobiy taʼsir koʻrsatib kelmoqda.
Suhbat yakunida Matilda Dimovska Chet tillarini chuqur oʻrgatish markazining davlat xizmatchilari bilim va malakasini oshirish, xalqaro munosabatlar hamda mintaqaviy masalalar boʻyicha malakali mutaxassislarni tayyorlashida BMT Taraqqiyot dasturi hukumat va universitet bilan hamkorlikka tayyorligini yana bir bor bildirib oʻtdi.