29.06.2021 1991

Oʻzbekiston istiqboli har tomonlama yetuk, chuqur bilim va tajriba toʻplagan yosh avlodga bogʻlik. BMTning Yoshlar strategiyasida taʼkidlangan, “Yoshlar siymosida eng qimmatli va oʻta muhim resurslar mujassam topgan boʻlib, unga har qancha investitsiya kiritsa arziydi, chunki bu sarmoyalar bir necha barobar ziyoda boʻlib qaytadi”, soʻzlari ham ularga boʻlgan yuksak ishonch va eʼtibordan darakdir.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 25-avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi yoshlari kunini nishonlash toʻgʻrisida”gi qonunga binoan 30-iyun Oʻzbekistonda Yoshlar kuni sifatida keng nishonlanadi. Ushbu sana munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari oʻrtasida tashkil etilgan “Eng yaxshi ilmiy maqola” tanlovi ishtirokchilarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

Tanlov doirasida vazirlikka turli yoʻnalishlarda tahsil oluvchi 59 nafar JIDU talaba va magistrantlari oʻz maqolalarini taqdim etishgan. JIDU Oʻquv ishlar boʻyicha birinchi prorektori Matyokub Bakoyev va Yoshlar bilan ishlash boʻyicha prorektor Laziz Mingishov gʻoliblar hamda turli nominatsiya sohiblari shuningdek, qolgan ishtirokchilarga TIVning diplom va tashakkurnomalarini topshirishdi.

Quyidagi talabalar “Eng yaxshi ilmiy maqola” tanlovi gʻoliblari safidan joy oldilar:

  • Nigina Xudayberganova
  • Farzin Vahidov
  • Abu Tolib Gʻiyosov
  • Ruslan Yakovlev
  • Sardor Agzamov
  • Gulmira Hamdamova
  • Mahfuza Sharipova
  • Nazokat Narimova
  • Fazliddin Djamalov
  • Nursulton Sayfullayev
  • Islomxon Gafarov

Mazkur tanlovni tashkil etishdan maqsad – 2021-yil mamlakatimizda “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da belgilangan ustuvor vazifalar, xususan yoshlarni zamonaviy bilim va tajribalar, milliy va umumbashariy qadriyatlar asosida mustaqil va mantiqiy fikrlaydigan, ezgu fazilatlar egasi boʻlgan insonlar etib voyaga yetkazish va shu bilan birga JIDU talaba yoshlarida respublikaning tashqi siyosati va iqtisodiy faoliyati hamda xalqaro huquqqa boʻlgan qiziqishini oshirishdan iborat.