JIDUda avstriyalik professor ishtirokida davra suhbati boʻlib oʻtdi
26.06.2021 1592
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida “Sun'iy intellekt siyosati” mavzusida davra suhbati bo'lib o'tdi. Davra suhbatiga mehmon sifatida Avstriyadagi Vena Universitetining Media falsafasi va texnologiyalari professori Mark Kyokelberg taklif etildi.
Professor Kyokelberg sun'iy intellekt axloqshunosligi (etikasi) bo'yicha mutaxassis hamda ko'plab kitoblarning muallifi hisoblanadi, jumladan: “Growing Moral Relations” (2012), “Human Being @ Risk” (2013), “Environmental Skill” (2015), “Money Machines” (2015), “New Romantic Cyborgs” (2017), “Moved by Machines” (2019), “Introduction to Philosophy of Technology” (2019), “AI Ethics” (2020) va “The Green Leviathan” (2021) kabi kitoblar olim qalamiga mansub.
Davra suhbatida JIDU “Xalqaro munosabatlar” fakulteti professor-o'qituvchilari, doktorantlari va tadqiqotchilari qatnashishdi. Uchrashuvni moderator sifatida JIDU “Siyosatshunoslik” kafedrasi mudiri, siyosiy fanlar doktori Faridun Sattarov olib bordi.
Suhbat sun'iy intellekt (SI) etikasi va siyosati hamda u bilan bog'liq texnologiyalar haqida mulohaza yuritish imkoniyatini berdi. Ishtirokchilar sun'iy intellektning ijtimoiy, madaniy, ekologik va siyosiy ta'sirini o’zaro muhokama qildilar. Munozaralar davomida professor Kyokelberg libertarizm, odamlar va mashinalar o'rtasidagi tub farqlar to'g'risidagi savollarni ko’rib chiqdi va sun'iy intellektning axloqiy holati, global va integral adolat to'g'risida baxs yuritdi. Shuningdek, sun'iy intellektning oqibatlari tufayli paydo bo’ladigan turli xil ta'sirlarga sayyoramizdagi ko'plab odamlar himoyasiz bo'lishi mumkin degan fikrlar ham bildirildi.