Talaba-yoshlarning “Orol dengizi va Orolboʻyi hududi muammolari” mavzusiga bagʻishlangan halqaro onlayn ilmiy anjumani oʻtkazildi
25.06.2021 1757
Seulning Koryo universiteti professor-oʻqituvchilari 2018-yildan buyon JIDUdagi hamkasblari bilan Global muammolar forumi ekspertlari doirasida ilmiy anjumanlar, uchrashuvlar oʻtkazib kelishmoqda.
Ikki oliy oʻquv yurti olimlari Orol dengizi va Orolboʻyi hududini kompleks tadqiqotiga bu yildan eʼtiboran talaba-yoshlarni ham jalb etishga qaror qildilar. Ular uchun maxsus loyiha ishlab chiqilib, uning onlayn video-anjumani taqdimoti oʻtkazildi. Maqsad – ikki mamlakat talabalarini yagona guruhda jamoa boʻlib ishlash koʻnikmalarini shakllantirish, mintaqadagi siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy vaziyatni chuqur oʻrganib, yangi ilmiy xulosalar tayyorlash, mintaqa uchun zarur yangi texnologiyalarni qoʻllash boʻyicha oʻz tavsiyalarini berish va yoshlar orasida mintaqada amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlarni targʻiboti boʻyicha volontyorlik harakatini boshlashdir.
Ushbu onlayn video anjumanda talaba-yoshlar bir-birlari bilan yaqindan tanishib oldilar, tadqiqot rejalarini muhokama qildilar va reja boʻyicha tadbirlarni belgilab oldilar, shuningdek, karantin choralari yumshatilgandan keyin ikki universitet talaba-yoshlaridan iborat ishchi guruhlari Moʻynoq shahri, Orolboʻyi hududiga tashrif buyurib, oʻz tadqiqotlari uchun materiallar yigʻadilar, mintaqadagi tengqurlari bilan uchrashuvlar va aksiyalar oʻtkazadilar.
Shuhrat Gʻoyibnazarov
Rektor maslahatchisi, Oliy Majlis Senatining Orolboʻyi mintaqasini rivojlantirish masalalari qoʻmitasi eksperti,
Siyosiy fanlar doktori, professor.