21.06.2021 1591

18-iyun kuni JIDU rahbariyati va Oʻzbekistondagi Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) oʻrtasida Oʻzbekistondagi onlayn formatda navbatdagi muzokaralar oʻtkazildi.

Yaponiya tomonidan muzokaralarda JICA vakolatxonasi rahbari janob Miyazaki Suguru va tashkilotning Oʻzbekistondagi vakili Omori Shun ishtirok etishdi. Universitet tomondan esa Xalqaro aloqalar boʻyicha JIDU prorektori, professor Saidmuxtor Saidqosimov, Xalqaro munosabatlar fakulteti dekani Murod Bahodirov, Xalqaro hamkorlik boʻlimi boshligʻi Alim Muhitdinov va Sharq tillari kafedrasi mudiri va yapon tadqiqotlari tahliliy markazi rahbari Hakima Gʻafurovalar ishtirok etishdi.

Oʻzbekistondagi JICA rahbari Miyazaki Suguru JIDU va Yaponiya universitetlari oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan keng koʻlamli hamkorliklarini yuqori baholadi. Tomonlar yaqin yillarda qator yangi istiqbolli ilmiy-maʼrifiy loyihalarni amalga oshirishning amaliy masalalarini muhokama qildilar.

JIDU va JICA oʻrtasida muvaffaqiyatli hamkorlik natijasida koʻp yillar davomida turli tadbirlar oʻtkazildi, ayniqsa yapon tilini professional oʻrganishni tashkil etish, tarix, madaniyat va zamonaviy ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar, Yaponiya texnologik yutuqlarini taʼlimda qoʻllash boʻyicha birgalikda qator loyihalar amalga oshirildi. Ularda JIDU va JICA koʻngillilarning faol ishtiroki alohida qayd etib oʻtildi.

Uchrashuv davomida JICAning yangi taʼlim yoʻnalishlardagi ishtirokini yanada kengaytirish masalalari xususan, JIDUda JICA kafedrasini tashkil yetish, volontyorlik va oʻquv dasturlari haqida ham soʻz yuritildi.

JICA vakolatxonasi hamkorlikda erishilgan natijalardan mamnunligini bildirdi, shuningdek, JIDU ekspertlarini Markaziy Osiyo mamlakatlari xalqaro siyosiy va iqtisodiy munosabatlarining turli sohalarida mintaqaviy hamkorlik doirasida oʻz loyihalarini amalga oshirishga jalb etishga, Yaponiya tomonidan tashkil etilgan xalqaro seminar va muhokamalarda faol ishtirok etishga qiziqishini taʼkidladi.