JIDUda Hindiston Elchisi bilan muzokaralar boʻlib oʻtdi
11.06.2021 1625
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida davlat rahbari tashabbusi bilan tashkil etiladigan chet tillarini chuqur oʻrgatish markazi faoliyati boʻyicha xorijiy davlatlar elchilari bilan uchrashuvlar davom etmoqda. Bugun ana shunday uchrashuvlardan biri Hindistonning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Manish Prabxat bilan boʻlib oʻtdi. Diplomatik missiya rahbariga elchixona maslahatchisi Shipra Gosh xonim va Hindiston Elchixonasi huzuridagi Lal Bahodir Shastri nomli hind madaniyat markazi direktori, professor Shri Chander Shekxar hamrohlik qilishdi.
Universitet rektori Komiljon Karimov mehmonlarga uchrashuv uchun minnatdorchilik bildirib, JIDU va uning xalqaro miqyosdagi hamkorlari, diplomatik yoʻnalishda kadrlash tayyorlash tajribasi haqida maʼlumot berdi, davlatlarimiz oʻrtasida oʻrnatilgan koʻp yillik sheriklikning bugungi holati, taʼlim, sogʻliqni saqlash, madaniyat va nashriyot-matbaa yoʻnalishlardagi amaliy hamkorlik boʻyicha oʻz fikrlari bilan boʻlishdi. Shundan soʻng, Oliy martabali mehmon strategik hamkor Oʻzbekiston va Hindiston davlatlari oʻrtasida olib borilayotgan turli sohalardagi keng koʻlamli aloqalar, xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va ishonchning mustahkamlanib borayotgani taʼkidladi. JIDUda mavjud malakali kadrlar tayyorlash tizimi, ularning keng dunyoqarash, chuqur bilim va xorijiy til malakalariga ega ekanliklarini yuqori baholadi.
K.Karimov JIDUda chet tillarini chuqur oʻrgatish markazida ingliz tili tuzilmasi bilan bogʻliq masalalar boʻyicha janob Elchiga maʼlumot berdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning koʻrsatma va tashabbusi bilan JIDUda tuziladigan markazda joriy yilda 10 ta xorijiy til boʻyicha mutaxassislarga bilim beriladi. Bu orqali davlat xizmatchilari, maktab va OTM professor-oʻqituvchilari hamda talaba-yoshlarning chet til boʻyicha bilim va malakalarini oshirish koʻzlangan.
Uchrashuvda janob Manish Prabxat markazning ingliz tili tuzilmasi uchun oʻquv adabiyotlar, mutaxassislar va boshqa zaruriy vositalar bilan taʼminlashga Hindiston elchixonasi tayyor ekanligini, shuningdek JIDUda oʻrgatiladigan urdu tili bilan birgalikda talabalarga hindi tilini taklif etish, agar yoshlarda bu tilga nisbatan qiziqish ortsa bu tilni oʻqitish boʻyicha maxsus mutaxassislar yetkazib berish taklifini berdi.
Ikki tomonlama samimiy ruhda oʻtgan muloqot tomonlarning hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha yangi rejalar muhokamasi bilan yakuniga yetdi.