11.06.2021 1501

Oʻzbekiston-Pokiston ishbilarmonlar doirasi uchun “Oʻzbekiston va Pokiston – Shanhay hamkorlik tashkiloti doirasida hamkorlik istiqbollari” mavzusida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda SHHT Oʻzbekiston Xalq diplomatiyasi markazining direktori Qobuljon Sobirov, Pokiston tinchlik va diplomatiya instituti Prezidenti Farxat Asif, JIDU Xalqaro aloqalar boʻyicha prorektori, professor Saidmuxtor Saidqosimov, siyosiy fanlar doktori, professor Eʼtibor Sultonova va yurtimiz hamda xorijdan ekspertlar oʻz maʼruzalari bilan onlayn qatnashishdi.

Mazkur uchrashuvni tashkil etishdan asosiy maqsad SHHT doirasida Oʻzbekiston va Pokiston oʻrtasidagi hamkorlikni muhokama qilishdan iborat boʻldi. Maʼlumki, Oʻzbekiston 2017-yilning iyunida Pokistonning SHHTga qabul qilinishini qoʻllab-quvvatlagan va tashkilotga raislik qilish chogʻida bu masalaga alohida eʼtibor qaratdi. Har ikki davlat xalqaro maydonda bir-birini oʻzaro qoʻllab-quvvatlab, BMT, SHHT, Islom hamkorlik tashkiloti kabi boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida faol hamkorlik qilib kelmoqda.

Oʻzbekiston-Pokiston munosabatlarining izchil rivojlanishi nafaqat ikki mamlakatning uzoq muddatli manfaatlariga javob beradi, balki butun mintaqada xavfsizlikni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, kommunikatsiya va gumanitar aloqalarni rivojlantirishga ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Har ikki mamlakatning oʻzaro manfaatli hamkorligini kengaytirish, ularning geografik joylashuviga boʻlgan qiziqishini inobatga olgan holda, har ikki Davlat mintaqadagi tinchlik jarayonlarini va mintaqadagi iqtisodiy rivojlanishni ragʻbatlantirishda muhim rol oʻynashi mumkin.

Shu bilan birga, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalarda mintaqaviy darajadagi hamkorlikning istiqbollarini muhokama qilish ham qiziqarli va foydalidir.

Uchrashuvda maʼruzalar tinglangach ishtirokchilar oʻrtasida yuzaga kelgan savollar boʻyicha qizgʻin muhokama boʻlib oʻtdi. Mavzu yuzasidan xulosalar qilindi.