08.06.2021 1611

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida turli soha mutaxassislariga chet tillarini chuqur oʻrgatish markazini tashkil etish boʻyicha hamkorlik muzokaralari davom etmoqda. Ana shunday uchrashuvlardan biri BAAning Oʻzbekistondagi Elchisi oʻrinbosari Rashed Al Mazrui bilan onlayn tarzda boʻlib oʻtdi. Unda dastlab universitet rektori Komiljon Karimov BAA diplomatik korpusi vakiliga JIDU haqida, uning kadrlar tayyorlash salohiyati va kelgusidagi istiqbollari haqida soʻzlab berdi. Shuningdek, universitet talabalari va tadqiqotchilarining BAA diplomatiyasi, iqtisodiyoti va rivojlanish bosqichlarini oʻrganishga boʻlgan katta qiziqishini ham taʼkidlab oʻtdi. Mamlakatimizda kadrlar salohiyatini oshirish, ularning bilim va malakalari bilan bir qatorda xorijiy tillarni ham mukammal egallashlari uchun sharoit yaratish maqsadida Prezedentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi JIDUda chet tillarini chuqur oʻrgatish markazi tashkil etilishi belgilangan. Bu markazda arab tili tuzilmasini yoʻlga qoʻyish boʻyicha janob Rashed Al Mazruiga ikki tomonlama hamkorlik taklif etildi.

Shundan soʻng Birlashgan Arab Amirliklari elchixonasining vakili universitet rahbariyatiga mazkur hamkorlik va ishonch uchun minnatdorchilik bildirdi. Elchizxona vakili davlatlar oʻrtasidagi diplomatik munosabatlar va hamkorlik aloqalarini rivojlantirishda tilning ahamiyatini yuqori baholadi. Markazda davlat xizmatchilari, maktab va universitetlar oʻqituvchilari hamda talaba-yoshlarga turli xorijiy tillarning oʻrgatilishi esa bunday munosabatlarni rivojlantirishga hamda mamlakatda kadrlar sifatini yaxshilashga zamin yaratishini taʼkidladi. Hamkorlik masalalari va arab tili oʻqitish maxsus tuzilmasini tashkil qilishda amaliy koʻmak berishdan mamnun ekanligini bildirdi.

Suhbat yakunida JIDU rektori BAAning Oʻzbekistondagi  Elchisi janob Said Matar Sulton as-Siri al-Kamzini universitet talaba va tadqiqotchilariga maʼruza oʻqish uchun kutib qolishini maʼlum qildi.