Yaponiya Elchisi bilan chet tillarini chuqur oʻrgatish markazi boʻyicha muzokaralar boʻlib oʻtdi
07.06.2021 1641
Bugun Oʻzbekistondagi Yaponiya Favqulodda va Muxtor Elchisi Yoshinori Fujiyamaning JIDU tashrifi boʻlib oʻtdi. Oliy martabali mehmonni qarshi olgan universitet rektori Komiljon Karimov Elchiga Yaponiya taʼlim muassasalari va JIDU oʻrtasida oʻrnatilgan hamkorlik aloqalari rivojlanayotgani, yaponiyalik professorlarning talaba va tadqiqotchilarimiz uchun doimiy maʼruzalari tashkil etayotganliklari, madaniy-maʼrifiy tadbirlarda Yaponiya elchixonasining faolligini qayd etdi. Shundan soʻng Elchi janoblari JIDU rahbariyatiga Oʻzbekiston-Yaponiya munosabatlarining yanada rivojlanishi, talabalarning yapon tili va madaniyatiga boʻlgan qiziqishlarini qoʻllab-quvvatlanayotgani uchun minnatdorchilik bildirdi.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida turli soha mutaxassislariga chet tillarini chuqur oʻrgatish markazida yapon tili tuzimasini yoʻlga qoʻyish boʻyicha tashkiliy masalalar ham tomonlar oʻrtasidagi uchrashuvda muhokama qilindi. Mazkur markazda davlat xizmatchilari, professor-oʻqituvchilar va yoshlar chet tillari boʻyicha bilimlarini mustahkamlashlari mumkin.
Yaponiya Elchisi Yoshinori Fujiyama ushbu markazda yapon tili oʻqitilishini yuqori baholab bu kunchiqar mamlakat tili va madaniyati bilan yaqindan tanish boʻlgan kadrlar sifati va soni ortishiga zamin yaratishini bildirdi. Uning faoliyati uchun zarur vositalar, malakali yapon tili mutaxassislari bilan taʼminlanishida JIDU bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanligini bildirdi.