Yoshlarga eʼtibor – kelajakka eʼtibor
04.06.2021 2413
Markaziy Osiyoda eng koʻp aholi yashaydigan respublika boʻlmish Oʻzbekiston katta mehnat salohiyatiga ega. Mamlakat aholisining deyarli uchdan bir qismini 18 yoshgacha boʻlgan bolalar, 24 foizini esa 18 va 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar tashkil yetadi. Yoshlarning qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlash Davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biridir.
Yurtimiz mahallalarida “Yangi Oʻzbekiston — yangicha dunyoqarash” shiori ostida oʻtkazib kelinayotgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarning navbatdagisi Mirzo Ulugʻbek tumanidagi “Bahor” mahallasida tashkil etildi. Unda JIDU Xalqaro moliya va investitsiyalar kafedrasi mudiri Umida Sharipova, dotsent Gulbahor Bakoyeva, katta oʻqituvchilar Aziz Abdullayev, Bahodir Eshmurodov, Numonjon Malikovlar bugungi kundagi yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar haqida yigʻilganlarga maʼruza qildilar.
Har qanday mamlakatning ertangi taraqqiyotini uning kuchli bilim va salohiyatga ega, zamonaviy bilimlarni puxta oʻzlashtirgan yoshlari belgilab beradi. Ularni global rivojlanishning barcha sohalari va tarmoqlariga hayotbaxsh kuch bagʻishlovchi shiddatli lokomativi desak ham mubolagʻa boʻlmaydi. Chunki bugun dunyo aholisining 30 foizidan koʻprogʻini yoshlar tashkil etmoqda.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati, yoshlar tarbiyasi, farzandlarimizni mustaqil hayotga tayyorlash, yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash va bandligiga qoʻmaklashish, ularni ijtimoiy himoya qilish hamda boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik tuygʻusini mustahkamlash, mehr-oqibat, shukronalik, oʻzaro yordam kabi milliy va umuminsoniy qadriyatlarni yanada kuchaytirish borasida oʻz fikr va muloxazalari bilan oʻrtoqlashdilar. Mirzo Ulugʻbek tumanining JIDUga biriktirilgan Ahmad Yugnakiy, Beshkapa, Traktorsozlar, Bahor, Boʻz mahallalaridan vakillar qatnashgan mazkur tadbirda yoshlarning tadbirkorlik qobiliyatlarini shakllantirish boʻyicha ham nazariy va amaliy bilimlar berildi.
Shuningdek, JIDU yoshlarni manaviy maʼrifiy tarbiyalash boʻlimi boshligʻi Furqat Yaxshiyev, iqtidorli talabalar bilan ishlash boʻyicha mutaxassis Gulchehra Dolimovalar mahalla yoshlarining sanʼatga boʻlgan qiziqishlarini oshirish maqsadida sheʼriyat, sport, notiqlik va raqs boʻyicha mashgʻulotlar oʻtkazishdi.
Yuksak aql-zakovat, maʼnaviyat, halollik, mehr-oqibat – bularning barchasi maʼrifatli jamiyatning asosidir. Bugun yoshlarimizda ana shunday fazilatlarni shakllantirish muhim vazifalarimizdan hisoblanadi. Zamonaviy globallashuv davrida shuni ishonch bilan aytish mumkinki, faqat intizomli, masʼuliyatli, bagʻrikeng, ijtimoiy faol yoshlargina yurtimiz porloq kelajagining ishonchli bunyodkorlari boʻla oladilar.