03.06.2021 1758

2-iyun kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida amerikalik tadbirkorlarning universitet rahbariyati, professor-oʻqituvchilar tarkibi va tadqiqotchilar bilan uchrashuvi tashkil qilindi. Faxrli mehmonlar safidan “Crow Holdings” kompaniyasi raisi Harlan Krov, “Eagle Capital Management” kompaniyasi prezidenti va asoschilari biri Revenel B Karri III, Hadson Instituti katta ilmiy xodimi Maykl Doran, “The Wall Street Journal” kolumnisti Voltr Rassl Midlar oʻrin olgan.

Dastlab oʻzaro tanishuv ruhida boshlangan suhbat qizgʻin munozaralar va turli mavzular tahliliga aylanib ketdi. JIDU rektori Komiljon Karimov aqshlik mehmonlarga universitet universitet faoliyati, xalqaro aloqalar, xalqaro huquq va xalqaro iqtisodiyot yoʻnalishlarida kadrlar tayyorlashda Oʻzbekistondagi talab va JIDU taʼlim uslublari, zamonaviy taʼlim standartlarining qoʻllanishi va xorijiy hamkorlar bilan faoliyatga oid masalari bilan tanishtirdi.

1992-yil 19-fevral Oʻzbekiston bilan AQSH oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilgan sana. Shu kuni boʻlib oʻtgan ikki mamlakat Tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida samarali xatlar almashinuvi natijasida ikki tomonlama hamkorlikni bosqichma-bosqich rivojlantirishning boshlanishini belgilab berilgan.

Hozirgi bosqichda Oʻzbekiston-Amerika muloqotlari xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan tamoyillari va normalariga, ikki davlat suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini hurmat qilish, bir-birining manfaatlarini hisobga olish va demokratik qadriyatlarga sodiqlikka asoslanadi.

Ikki mamlakat oʻrtasidagi samarali siyosiy muloqot muvaffaqiyatli hamkorlikka xizmat qilmoqda. Bugun boʻlib oʻtgan uchrashuvda ham ana shu hamkorlik aloqalari muhokama qilindi. Amerikalik ishbilarmonlar mintaqaviy, iqtisodiy, davlatlararo munosabatlar boʻyicha oʻzbek hamkasblarining fikrlari bilan qiziqishdi. Xususan, ularning muzokaralarga boy savollariga universitet rahbariyati hamda Xalqaro munosabatlar fakulteti oʻqituvchisi, doktorant Akrom Umarov, magistratura yoʻnalishi rahbari Otabek Naimovlar oʻz javoblarini taqdim etishdi.

Xorijiy mehmonlar suhbat yakunida uchrashuv tashkilotchilariga muloqot uchun minnatdorchilik bildirishdi. Shuningdek, ular professor-oʻqituvchilar va tadqiqotchilarining ilmiy salohiyatini yuqori baholab kelgusida universitet bilan hamkorlik, talabalar bilan muloqot qilishga katta qiziqish bildirdilar.