02.06.2021 1929

1-iyun kuni Xitoy Xalq Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Szyan Yan bilan uchrashuv tashkil etildi. Unda universitet rektori Komiljon Karimov respublikamizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishidagi chuqur oʻzgarishlar, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan olib borilayotgan tub islohotlarining mohiyatini, JIDU va Xitoy OTM  oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan hamkorlik toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berdi. Shuningdek, davlat rahbari koʻrsatmasi bilan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida tashkil etilishi belgilangan chet tillarini chuqur oʻrgatish markazida xitoy tili tuzilmasi faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha muzokaralar ham tashkil etildi.

XXR Oʻzbekiston mustaqilligini 1991-yilning 27-dekabrda tan olgan va ikki mamlakat oʻrtasida diplomatiya munosabatlari 1992-yil 2-yanvarda oʻrnatilgan. Oʻtgan 29 yil mobaynida ikki mamlakat rahbarlarining 19 ta sammiti boʻlib oʻtgani va Xitoy Xalq Respublikasi rahbarlari Szyan Szemin, Xu Szintao va Si Szinpinlarning Oʻzbekistonga tashrif buyurganini alohida aytib oʻtish mumkin.

Shuni ham qayd etib oʻtish kerakki, 29 yil mamlakatlar oʻrtasidagi ming yillik doʻstona almashinuvlar tarixida bir lahzadekdir, ammo bu qisqa davr mobaynida zamonaviy davlatlararo munosabatlar har tomonlama strategik sheriklik darajasiga koʻtarildi va davlatlar deyarli barcha sohalarda oʻzaro manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻya oldi.

Bugungi kunda tomonlar siyosiy jihatdan bir-biriga ishonchli hamkor, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, ilmiy-texnikaviy, transport va qishloq xoʻjaligida kelishuvlar davom etib, xalqlar oʻrtasida madaniy-gumanitar aloqalar almashinuvni yanada faollashmoqda.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston Xitoy xalq Respublikasi bilan strategik sheriklikni yanada mustahkamlash, oʻzaro manfaat va tenglik tamoyillariga asoslangan koʻp qirrali savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va moliyaviy hamkorlikni kengaytirish har qachongi singari ustuvor ahamiyat kasb etadi.

Szyan Yan xonim oʻz navbatida Oʻzbekiston-Xitoy munosabatlarning yildan-yilga rivojlanayotgani, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va gumanitar masalalarda ikki davlat ishonchli hamkorlarga aylangani, davlat rahbarlarining oliy darajadagi uchrashuv va muloqotlari bunga keng yoʻl ochayotgani, Xitoy OTM xususan, JIDU va Shanxay universiteti oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan hamkorlikning istiqboli haqida gapirib oʻtdi.

Shundan soʻng XXR Elchisi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida tashkil etiladigan chet tillarini chuqur oʻqgatish markazida xitoy tili boʻlimini tashkil etish uchun elchixona tomonidan barcha zaruriy yordam – oʻquv metodikasi, darsliklar, xitoy tili boʻyicha til tashuvchisi boʻlgan mutaxassis hamda texnik vositalar bilan taʼminlashga tayyor ekanligini bildirdi.

Tomonlar oʻrtasida oʻzaro hamkorlik va madaniy aloqalarni rivojlantirish, XXR Elchisi bilan JIDUda uchrashuv va maʼruzalarini tashkil etishga kelishib olindi.