Quvaytning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi JIDUda boʻldi
01.06.2021 2095
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 6-may kuni chet tillarini oʻqitish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazilgandi.
– Mamlakatimizda xorijiy tillarni oʻrgatish boʻyicha kelajak uchun mustahkam poydevor boʻladigan yangi tizimni yoʻlga qoʻyish vaqti-soati keldi. Biz raqobatdosh davlat qurishni oʻz oldimizga maqsad qilib qoʻygan ekanmiz, bundan buyon maktab, litsey, kollej va oliy oʻquv yurti bitiruvchilari kamida 2 ta chet tilini mukammal bilishlari shart. Bu qatʼiy talab har bir taʼlim muassasasi rahbari faoliyatining asosiy mezoniga aylanishi lozim, – deb taʼkidladi Prezident mazkur yigʻilishda.
Davlat rahbari topshirigʻi bilan JIDUda chet tillarini chuqur oʻrgatish markazi tashkil etilishi maʼlum qilingan edi. Unda dastlabki yili 10 ta xorijiy til boʻyicha talabalar yoshlar va mutaxassislarga bilim beriladi.
Shu maqsadda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Quvayt davlati Elchisi Ahmad Halid al-Jiran bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Markazda BMT ishchi tillari safiga kiruvchi arab tili boʻyicha mutaxassislar tayyorlashda hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.
Oliy martabali mehmonni qarshi olgan JIDU rektori Komiljon Karimov dastlab universitet faoliyati, kadrlar tayyorlash masalasi, boshqa davlat elchixonalari bilan universitet oʻrtasida oʻrnatilgan aloqalar haqida batafsil maʼlumot berdi. Shuningdek, yangi tashkil etiladigan chet tillarini chuqur oʻrgatish markazida arab tilini oʻrgatish tizimini yoʻlga qoʻyish, uning faoliyati va tashkiliy masalalari haqida gapirib oʻtdi.
Oʻzbekiston va Quvayt ikki tomonlama rivojlangan hamkorlikka ega mamlakatlardir. Tomonlar oʻrtasida ayniqsa savdo-iqtisodiy, parlamentlararo, investitsion va madaniy-gumanitar aloqalar ayniqsa taraqqiy etgan.
Janob Ahmad Halid al-Jiran bu hamkorlik haqida: “Biz hozir Oʻzbekistonda har jabhada yirik oʻzgarishlarning guvohi boʻlmoqdamiz. Prezident Shavkat Mirziyeyov rahbarligida olib borilayotgan islohotlar aholi farovonligi, kelgusi taraqqiyot va mamlakat obodligiga xizmat qiladi. Taʼlim sohasidagi mazkur hamkorlik ham turli yoʻnalishlarni rivojlantirishga, chet tilini mukammal oʻzlashtirgan malakali kadrlar tayyorlashga hissa qoʻshadi” deb taʼkidlab oʻtdi. Shuningdek, Oʻzbekistondagi Quvayt Elchixonasi arab tilini oʻrgatish boʻyicha JIDUga amaliy yordam koʻrsatishga, oʻquv qoʻllanmalari, metodika, arab tili mutaxassislari, moddiy texnik baza bilan taʼminlashga tayyor ekanligini bildirdi.
Quvayt TIV qoshida mavjud Diplomatiya instituti bilan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida hamkorlikni oʻrnatish, ikki davlat OTMlari oʻrtasida aloqalarni yoʻlga qoʻyish, bu orqali diplomatiya va xalqaro munosabatlar sohasida sifatli kadrlar yetkazib berish, JIDU talabalari va tadqiqotchilari uchun Quvayt Elchisining maʼruzalarini tashkil etish kabi masalalar ham suhbatda muhokama qilindi.