JIDUda chet tillarini chuqur oʻrgatish markazi tashkil etiladi
28.05.2021 2358
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 6-mayida chet tillarini oʻqitish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida sohani rivojlantirish uchun bir qator maqsad va vazifalar belgilab berilgan edi.
Prezident bu yoʻnalish haqida gapirganda “Chet tillarini oʻqitishda nodavlat taʼlim muassasalari va Britaniya kengashi, Gyote instituti, Fransuz alyansi, KOICA, JAYKA, Konfutsiy instituti kabi xorijiy sheriklar bilan hamkorlikni yanada kuchaytirish zarur”, deya xorijiy markazlar faoliyatini alohida taʼkidlagan.
Yurtimizda chet tillarini oʻrgatish sifatini oshirish va bu boʻyicha malakali kadrlar yetishmovchiligi muammosini bartaraf etish maqsadida BMT boʻlinmalari bilan birga Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida turli soha mutaxassislariga chet tillarini chuqur oʻrgatish markazini tashkil etish belgilangandi.
Shu maqsadda JIDUda Oʻzbekistondagi Koreya Respublikasi Elchixonasi, KOICA hamda Koreya taʼlim markazi vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda universitet rektori Komiljon Karimov mehmonlarni qarshi olib, JIDUda koreys tilini oʻrgatish boʻyicha yoʻlga qoʻyilgan tizim, talabalar oʻrganayotgan ikkinchi xorijiy til orasida koreys tili eng koʻp tanlanganlardan ekanligi haqida maʼlumot berdi.
Koreya tomonidan Elchixonaning birinchi kotibi Yumin Kang, KOICA Uzbekistan hududiy rahbari Sunjin Park, Toshkentdagi Koreya taʼlim markazi direktor oʻrinbosari Jang Heongki ishtirok etgan mazkur uchrashuvda yangi Chet tillarini chuqur oʻrgatish markazini tashkil etish, uning faoliyati uchun mutaxassilar va zaruriy adabiyotlar bilan taʼminlash masalalari, nafaqat til oʻrgatish balki, iqtisodiyot, madaniyat sohalarida ham hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga kelishib olindi.
Koreya tomoni vakillari muloqot davomida 2 oy ichida JIDU hududida tashkil etiladigan koreys tilini oʻrganish markazini tashkil etish hamda uning zaruriy IT-texnologiya va moddiy resurslar, koʻngilli (volonter) oʻqituvchilar va metodologik asoslar bilan taʼminlanishiga koʻmak berishga tayyor ekanliklarini bildirishdi. Oʻz oʻrnida, yangi tashkil etiladigan markaz bitiruvchilari chet tilini puxta egallagan, iqtisodiyot, madaniyat sohasida xorijiy bilimlarni olgan maxsus sertifikatga ega mutaxassis boʻlib yetishadi.
Koreya delegatsiyasiga universitetdagi mazkur markaz joylashuvchi bino va xonalar koʻrsatildi.
Shu kuni JIDUga Turkiya Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi Olgan Bekarning ham tashrifi boʻlib oʻtdi. Turkiya diplomatik korpusi rahbari chet tillarini chuqur oʻrgatish markazida turk tilini oʻrgatish tizimini yoʻlga qoʻyishni qoʻllab-quvvatlashini maʼlum qildi. Xususan, janob Elchi bu boʻyicha Turkiya Bosh vaziri apparati huzuridagi Turkiya Hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) jalb qilinishini bildirdi. Ayni vaqtda Elchixona tomonidan Oʻzbekistonda turk tilini oʻrgatish boʻyicha maxsus maktab va turli markazlar faoliyat olib borayotgan boʻlib, ularda 50 dan ortiq turkiyalik oʻqituvchilar bilim bermoqda.
Markaz faoliyatida faqat nazariy oʻqitishdan iborat boʻlib qolmasligi uchun Turkiya Elchisi ham Koreya Elchixonasi singari markazda oʻz davlati madaniyat muzeyini tashkil etilishini qoʻllab-quvvatlashini bildirdi.