26.05.2021 2132

Gruziya mustaqillik kunida JIDUda Gruziyaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Zurab Abdushelishvilining talabalar, tadqiqotchilar va oʻqituvchilar uchun maʼruzasi tashkil etildi. Oliy martabali mehmonni Xalqaro aloqalar boʻyicha universitet prorektori professor S.Saidqosimov qarshi olib, mazkur tarixiy sana bilan qutladi.

Janob Z. Abdushelishvili “Zamonaviy Gruziya va jahon hamjamiyati” deb nomlangan keng qamrovli maʼruzasida oʻz davlatining boy tarixi, qadriyatlari va zamonaviy oʻzgarishlari boʻyicha maʼlumot berdi, shuningdek Gruziya bilan Oʻzbekiston oʻrtasida ikki tomonlama foydali hamkorlikning rivoji haqida ham toʻxtalib oʻtdi.

Gruziya bugungi kunda 180 dan ortiq mamlakatlar bilan diplomatik munosabatlarni oʻrnatgan. Uning tashqi siyosatida Markaziy Osiyo respublikalari ham muhim rol oʻynaydi. Xususan, Oʻzbekiston va Gruziya oʻrtasida 1994-yilning 19-avgustida oʻzaro diplomatik aloqalar oʻrnatilgan. Mamlakatlarimizning transport, energetika, qishloq xoʻjaligi va farmatsevtika yoʻnalishlarida yaqin hamkorligi davom etmoqda. Turizm, sogʻliqni saqlash, investitsion muhitni barqarorlashtirish yoʻnalishlaridagi harakatlar ham yil sayin rivojlanyapti. Oʻz nutqida janob Z. Abdushelishvili  Oʻzbekiston rahbariyatiga pandemiya davrida Gruziyaga yuborgan gumanitar yordami uchun minnatdorligini ham izhor etib oʻtdi.

Gruziya Elchisinig raqamlar, dalillarga boy maʼruzasi tinlovchilarda katta qiziqish uygʻotdi. Qatnashchilar tomonidan Elchi janoblariga qator savollar berib, ularga batafsil javoblar olindi.

Onlayn munorzara davomida ayniqsa “Xalqaro munosabatlar” fakultetining oʻqituvchisi Nargiza Moʻminova, talabalar Mohinur Sobirova, Ulugʻbek Jangchiddinov hamda boshqa tadqiqotchilar faol ishtirok etishdi.

Oʻzbekistondagi Gruziya Elchixonasi amaliy koʻmagi bilan JIDU hamda yetakchi Gruziya taʼlim muassasalari oʻrtasida ilmiy-tadqiqot masalalarida hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishib olindi.