Bitiruvchi va talabalar uchun - Karyera kuni oʻtkazildi
24.05.2021 1665
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida talabalarning olgan bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlab borish, ularning boʻsh vaqtlaridan unumli foydalanishlarini tashkil etish shuningdek bitiruvchilarni doimiy ish joyi bilan taʼminlash maqsadida “Boʻsh ish oʻrinlari” yarmarkasini oʻtkazish anaʼnaga aylangan. 21-may kuni ana shunday yarmarkalardan navbatdagisi tashkil qilindi. Unda respublikamizdagi vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilot va korxonalar jami – 200 dan ortiq ish beruvchilar yoshlar uchun ajratilgan ish oʻrinlari bilan qatnashishdi.
Yarmarkada ishtirokchilar uchun:
- Vazirliklar va yetakchi kompaniyalar vakillari bilan uchrashuv
- Boʻsh ish oʻrinlari va mahorat oshirish dasturlari
- Rezyume tuzish va uni tahrirlash, suhbatga tayyorlanish boʻyicha tavsiyalar
- Oʻquv va ijodiy master-klasslar ham boʻlib oʻtdi.
Mazkur yirik tadbir bir necha soat ichida ish beruvchiga koʻplab bitiruvchilar bilan tanishish, ish qidiruvchiga esa mehnat bozorini oʻrganish, tashkilot vakili bilan aloqa oʻrnatish imkonini berdi.
JIDUda azaldan talabalarning amaliyotga jalb etilishlari va ish beruvchilar bilan OTM oʻrtasida uzviy aloqa oʻrnatilishiga alohida eʼtibor qaratgan. Joriy yilda ham 486 nafar bitiruvchilar universitetni tamomlashi kutilmoqda. Bir necha xorijiy tillar hamda IT texnologiyalarini chuqur oʻrgangan, ilmiy salohiyat va soft skillsga ega, xorijlik tengdoshlari bilan ilm-fanda teng raqobatlasha oladigan salohiyatli kadrlarni tayyorlash universitetning asosiy maqsadlaridandir. Xalqaro munosabatlar, iqtisodiyot, huquq yoʻnalishlarida taʼlim olgan bu bitiruvchilarni Oʻzbekistonda Yangi renessans poydevorini quruvchi yoshlar deb aytish mumkin.
Shuningdek, tadbirda JIDUga biriktirilgan Mirzo Ulugʻbek tumanining Boʻzchi, Beshkapa, Ahmad Yugnakiy, Traktorsozlar, Bahor mahallaridan ham yoshlar taklif qilingan boʻlib, ular ham ish beruvchilar bilan muloqot qilish, oʻzlariga mos ish oʻrinlarini topish imkoniga ega boʻldilar.
Turli tashkilot va korxonalar bilan hamkorlikda boshlangan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti qoshidagi Karyera markazining (https://t.me/UWEDCareerCentre) yoʻlga qoʻyilishini ushbu yarmarkaning yangligi sifatida eʼtirof etish mumkin. Endilikda markaz orqali bitiruvchi va talaba yoshlar doimo yurtimizning nufuzli korxona, tashkilotlarida mavjud boʻsh ish oʻrinlari va stajirovkalar haqidagi maʼlumotlardan birinchilardan boʻlib xabardor boʻlishlari mumkin.