21.05.2021 1532

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida har yili oʻtkaziladigan “JIDUda Chet tillari kuni” bayrami boʻlib oʻtdi. Ushbu tadbirni tashkil etishdan maqsad – talabalarning chet tillarini oʻrganishga boʻlgan ishtiyoqini oshirish, nutq meʼyorlarini takomillashtirish, olingan bilim va malakalarni amaliyotda ijodiy masalalarni yechishda qoʻllash, ijodiy faollik va mantiqiy fikrlashni shakllantirishdan iborat. Bu yilgi epidemiologik vaziyatni hisobga olgan holda tadbir “Zoom” platformasida onlayn tarzda oʻtkazildi.

Tadbir koordinatorlari sifatida Roman-german tillari kafedrasi mudiri Vasilya Mamatkasimova va kafedraning boshqa professor-oʻqituvchilar tarkibi qatnashishdi. Yevropa tillari kunini oʻtkazish uchun fransuz, nemis, ispan va italyan tillarini oʻrganuvchi talabalar jalb qilindi.

Yevropa tillari kuni universitet hayotidagi qiziqarli va unutilmas hodisadan biri sifatida talabalarning yuqori bilim, ijodiy potensiallari, Roman-german tillari kafedrasi oʻqituvchilarning esa malakasini namoyish etdi. 100 ga yaqin ishtirokchilar qatnashgan onlayn-tantanada talabalar ijodiy qobiliyatlarini oʻrgangan xorijiy tillari orqali namoyish qilishdi. Uchrashuvda shuningdek JIDUga biriktirilgan Mirzo Ulugʻbek tumaning Boʻz, Beshkapa, Ahmad Yugnakiy, Bahor va Traktorsozlar mahallalaridan yoshlar ham ishtirok etishdi.

Bunday tadbirlar talabalarning xorijiy tillarni oʻrganishga boʻlgan qiziqishini oshirib, oʻquv-tarbiyaviy jarayonga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.