19.05.2021 2604

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining “Xalqaro munosabatlar” fakulteti 1-bosqich talabasi Dilmurod Dilmurodov Qozogʻistonning Nursulton shahrida MDH davlatlari oʻrtasida oʻtkazilgan “Yilning eng yaxshi yosh olimi - 2021” Xalqaro tanlovida 14 ta mamlakat ichida siyosatshunoslik yoʻnalishida birinchi oʻringa loyiq koʻrilib, oltin medal bilan taqdirlandi.

Ta’kidlash lozimki, ushbu tanlov Qozogʻistonda 2019-yildan buyon anʼanaviy tarzda oʻtkazilib kelinmoqda. Tanlov 21 ta yoʻnalishda ish olib boradi. Ushbu tanlovda MDH davlatlarining iqtidorli talabalari, tadqiqotchilar qatnashishlari mumkin.

Hozirda Dilmurod Dilmurodov JIDU siyosatshunoslik kafedrasi professori, siyosiy fanlar doktori E’tibor Sultanova ilmiy rahbarligida “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro tashkilotlar tomonidan ta’sis etilgan ijtimoiy-siyosiy va inson huquqlari sohalariga taalluqli reytinglardagi o‘rnini yaxshilash” mavzusida ilmiy izlanishlar olib bormoqda.

Dilmurod Dilmurodovning hozirga qadar 20 ga yaqin ilmiy-publitsistik maqolalari, tezislari xalqaro, respublika miqyosidagi nashrlarda eʼlon qilingan, toʻplamlarga kiritilgan.

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti jamoasi Dilmurod Dilmurodovni g‘alabali odim bilan tabriklaydi va yangi ilmiy izlanishlarida yanada katta muvaffaqiyatlarni tilab qoladi.