14.05.2021 2104

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Vengriyaning Matvey Korvin nomidagi Budapesht universitetining Markaziy Osiyoni oʻrganish markazi bilan video uchrashuv boʻlib oʻtdi. Oʻzbekistondagi Vengriya elchixonasi va Vengriyaning yurtimizdagi elchixonasi amaliy yordami bilan tashkil qilindan muloqotda Vengriya tomonidan Budapesht universitetining Markaziy Osiyoni oʻrganish markazi direktori Marton Krasnay, markazning ilmiy ishlar boʻyicha ijrochi direktori Miklosh Rosti, universitet faxriy professori Balaj Hamori, Oʻzbekistondagi Vengriya elchisi Peter Santo, JIDU prorektori Saidmuxtor Saidqosimov, XIM fakulteti dekani Mirzo Umid Hamdamov, XM fakulteti dekan Murad Bahodirov, Vengriyadagi Oʻzbekiston elchisi Rustam Xudoyberdiyevlar qatnashishdi. Dastlab tomonlar ikki davlat oʻrtasida oʻrnatilgan keng tomonlama hamkorlik, joriy yilning martida Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning Oʻzbekistonga tashrifi yuzasidan amalga oshirilgan kelishuv va bitimlarning mohiyati yuzasidan fikr almashishdi. Oʻzbekiston va Vengriya xalqlarini tarixiy umumiylik, yaqin hamkorlik aloqalari bogʻlab turadi. Bugun Vengriya Oʻzbekistonning Yevropadagi muhim hamkorlaridan biriga aylangan. Tomonlarning birgalikdagi harakatlari oʻlaroq bu hamkorlik yildan-yilga rivojlanmoqda.

Videomuloqotda Budapesht universitetining Markaziy Osiyoni oʻrganish markazi va Korvin universiteti haqida maʼlumotlar berildi. Matvey Korvin nomidagi universitetga 1920-yilda asos solingan boʻlib, bugungi kunda iqtisodiyot, menedjment va ijtimoiy fanlar yoʻnalishida Vengriyadagi yetakchi OTMdan biridir. Universitet boshidagi Markaziy Osiyoni oʻrganish markazi 2016-yilda ochilgan. Markaz Vengriyaning Milliy neft va gaz kompaniyasi boʻlgan "MOL", "Gedeon Richter Ltd." Xalqaro farmatsevtika va biotexnologiya kompaniyasi, Vengriyaning eksport-import milliy banki "Eximbank" kabi tashkilotlar uchun Oʻzbekistonning biznes muhiti va iqtisodiyotini oʻrgangan.

Tomonlar oʻrtasida Markaziy Osiyo uchun muhim yoʻnalishlardan boʻlgan suv resurslaridan oqilona foydalanish sohasi boʻyicha mutaxassislar tayyorlash, magistratura, tadqiqotchilar va oʻqituvchilar almashish orqali malaka oshirish va oʻquv dasturlarini yoʻlga qoʻyish, ikki davlat professor-oʻqituvchilarining onlayn va oflayn maʼruzalarni tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Oʻzaro hamkorlikni huquqiy jihatdan mustahkamlash maqsadida kelishuv memorandumini imzolashga kelishildi.