23.04.2021 2247

22-aprel kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Oʻzbekistondagi JICA Vakolatxonasi rahbari, iqtisod fanlari doktori Miyadzaki Suguruning JICA Chair (JICAning Yaponiyani oʻrganishga bagʻishlangan dasturi) doirasida onlayn maʼruzalar turkumi boshlandi.

Mazkur loyihani amalga oshirish boʻyicha joriy yilning martida janob Miyadzakining JIDUga tashrifi davomida kelishilgan. JICA Chair doirasida Yaponiya, Osiyo va Afrika mamlakatlari iqtisodiyoti, iqtisodiy geografiyasi, yetakchi dunyo mamlakatlarining iqtisodiy rivojlanish modelari haqida mashgʻulotlar turkumi rejalashtirilgan.

Birinchi “Osiyo va Afrika mamlakatlarining iqtisodiy oʻsish modellari” (Economic growth models in Asia & Africa) nomli maʼruza tinglovchilari Xalqaro iqtisodiyot va menejment fakultetining 2 bosqich talabalari boʻlishdi. Talabalarga iqtisodiy oʻsishning mohiyati, uning Osiyo va Afrikadagi shakllari hamda yangi iqtisodiy oʻsish modellari haqida maʼlumotlar berildi.

Mashgʻulot soʻnggida tashkil etilgan muzokarada talabalar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Miyadzaki Suguru 2 bosqich talabalari Fotih Qodirov va Husniddinxoʻja Abdurahimov va 4 bosqich talabasi Yulduz Suvonovalarning savollariga javob berish davomida berilgan savollarning mazmunini yuqori baholadi.

Oʻz navbatida XIM talabalari yapon tilida janob Miyadzakiga qiziqarli va foydali maʼruza uchun minnatdorchilik bildirishdi.