JIDU kutubxonasi Amerikaning yangi davriy nashrlari bilan boyidi
20.04.2021 1941
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Axborot-resurs markaziga AQSHdan Oʻzbekistonning Vashingtondagi Elchisi J.Vahobov tomonidan yuborilgan yangi darslik materiallari toʻplami yetib keldi. 14-mart kuni Ingliz tili kafedrasi mudiri Ye. V. Borisova rahbarligida talaba va tadqiqotchilar uchun yetakchi amerika gazeta va jurnallarining soʻnggi sonlari taqdimoti boʻlib oʻtdi. Talabalar Washington post, The New York Times, The Wall Street Journal va boshqa mashhur manbalardagi maqolalarni tahlil qilish orqali Amerika Qoʻshma Shtatlarining bugungi siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy rivoji boʻyicha fikr almashdilar.
Ye.V.Borisova taʼkidlaganidek, “JIDU talabalari CNN, BBC kabi televizion loyihalarni, internet nashrlarni har doim oʻzlari qiziqish bilan kuzatib borishadi. Bosma nashrlarni oʻqishga esa doim ham imkoniyat topilmasligi mumkin. Universitet kutubxonasida yigʻilib, bu yerdagi xorijiy, eng avvalo BMT asosiy ishchi tillari hisoblangan tillardagi bosma nashrlarni birgalikda oʻqish, ularni muhokama qilish, fikr almashish esa yaxshi anʼanaga aylangan. Amaliyotda oʻz tasdigʻini topganidek bu jarayon orqali yoshlarda xorijiy til malakasi mustahkamlanadi, jiddiy mavzulardagi ilmiy materiallarni tahlil qilish va muloqotlarda ingliz tilida oʻz fikrini erkin bayon eta olish koʻnikmasi rivojlanadi. Shu bois Oʻzbekistonning AQSHdagi Elchixonasiga kutubxonamizni yangi amerika nashrlari bilan boyitishga qoʻshgan hissasi uchun chuqur minnatdorchiligimizni bildiramiz”.
JIDU Xorijiy tillar kafedralarining tajribasi shuni koʻrsatadiki, turli tillarda OAV materiallari bilan ishlash talabalarning kelgusidagi diplomatik faoliyatlari uchun muhimdir. Dars jarayonlarida olingan bilimlarning amaliyotda bunday qoʻllanishi esa talabalarning bilimiga ijobiy taʼsir qiladi va shu sababli ham faol mashgʻulot shakllari universitetda kelgusida ham keng miqyosda foydalaniladi.