JIDUda Qozogʻistonning Narxoz universiteti bilan hamkorlik Memorandumi imzolandi
18.04.2021 2154
Qozogʻistonning yetakchi OTMlaridan boʻlgan Narxoz universiteti rahbariyati rasmiy tashrif bilan Oʻzbekistonda boʻldi. Delegatsiyaga universitet rektori Stanislav Buyanskiy rahbarlik qildi. Shuningdek, unga Narxoz universitetining Biznes Oliy maktabi dekani Gulnara Abdikadirova, Xalqaro taraqqiyot va hamkorlikni boshqarish boʻyicha rahbar Jaylagul Sagindikova, rektor assistenti Sabit Muxamjanulilar hamrohlik qilishdi.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida qozogʻistonlik universitet rahbariyatini rektor Komiljon Karimov, Xalqaro aloqalar boʻyicha prorektor Saidmuxtor Saidqosimov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor Gulnoza Ismailova, “Xalqaro huquq” fakulteti Shuhrat Urunbayev, “Xalqaro iqtisodiyot va menejment” fakulteti dekani Mirzo Umid Hamdamovlar kutib olishdi.
Uchrashuvni kirish soʻzi bilan ochib bergan JIDU rektori K.H.Karimov dastlab mehmonlar bilan qardosh boʻlgan qozoq va oʻzbek xalqlari oʻrtasidagi azaliy doʻstlik va hamkorlik munosabatlari, turli sohalardagi aloqalar xususan taʼlimdagi rivojlanish boʻyicha fikrlarini boʻlishdi. Bundan tashqari qozogʻistonlik professorlarga Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti haqida batafsil maʼlumot berdi, OTMning potensiali va istiqboli bilan tanishtirdi.
Narxoz universiteti rektori S.G.Buyanskiy ham oʻz navbatida oʻzbekistonlik hamkasblariga yuqori darajada qarshilash va uchrashuv uchun minnatdorchiligini bildirdi. Bugun har sohada yangilanish va rivojlanib borayotgan Oʻzbekistonni koʻrayotganini alohida eʼtirof etdi. Boshqaruvi ostidagi universitet uchun Oʻzbekistondan hamkor tanlaganida JIDUning kadrlar salohiyati va rivojlanish jarayonini oʻrganib chiqqanini bildirdi. Shundan soʻng, Narxoz rektori universitet haqida tayyorlagan taqdimotini namoyish etdi. Bugungi kunda Narxoz universiteti Rossiya, Litva, Fransiya, Buyuk Britaniya kabi 33 ta davlatda 70 ortiq nufuzli hamkorlariga ega. Narxoz universitetida Iqtisodiyot va menejment, raqamli texnologiyalar, Biznes oliy maktabi, huquq va ijtimoiy fanlar kabi yoʻnalishlarda iqtisodiy, moliyaviy va biznes mutaxassislari tayyorlanadi. “Bugun oʻrganib, ertaga boshqar” shiori ostida oʻz faoliyatini yoʻlgan quygan universtitet kadrlar bozoriga nafaqat Qozogʻiston yoki Markaziy Osiyo mintaqasi balki jahon standartlariga mos keluvchi malakali mutaxassislarni yetkazib berishni maqsad qilgan.
JIDU tomoni Narxoz universitetining taklif etgan yoʻnalishlaridan amaliy moliyalashtirish sohasiga qiziqish bildirdi. Bu sohaga boʻlgan yuqori talab va istiqbolidan kelib chiqib ikkila universitet oʻrtasida dastlab shu yoʻnalishda kadrlar tayyorlashga kelishib olindi va hamkorlik boʻyicha Memorandum imzolandi.
Bundan tashqari, uchrashuvda tomonlar oʻrtasida ikki diplomli magistratura, tadqiqotchilar uchun ilmiy konferensiya va davra suhbatlari tashkil qilish, akademik mobillik, Qozogʻiston talabalarining ham Oʻzbekistonda taʼlim olishlari kabi masalalar boʻyicha muzokaralar oʻtkazildi.