JIDU va San Pablo universiteti vakillarining videomuloqoti boʻlib oʻtdi
17.04.2021 1948
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bilan Ispaniyaning San Pablo universiteti (CEU) oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolangandi. Biroq, bu hamkorlik boʻyicha rejalar COVID-19 sabab ortga surilgan edi. Ana shu kelishuvlarni davom ettirish masalasida JIDU va San Pablo vakillari oʻrtasida video uchrashuv tashkil etildi.
Unda CEU Xalqaro munosabatlar boʻyicha prorektori Aynhoa Uribe (Ainhoa Uribe), Ispaniya tashqi ishlar vazirligining Shimoliy Amerika, Gʻarbiy Evropa, Osiyo va Tinch okeani mamlakatlari bilan hamkorlik boshqarmasi huzuridagi Sharqiy Evropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik boshqarmasi maslahatchisi, San Pablo universiteti professori Antonio Alonso, JIDU bitiruvchisi va hozirda Ispaniyaning Valyadolid universiteti (Universidad de Valladolid) tadqiqotchisi Hilola Roʻziyeva, JIDU Xalqaro aloqalar boʻyicha prorektori Saidmuxtor Saidqosimov, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori Gulnoza Ismailovalar qatnashishdi.
Uchrashuv avvalida JIDU prorektori S.Saidqosimov ispaniyalik hamkasblariga oʻtgan vaqt mobaynida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida amalga oshirilgan oʻzgarishlar, taʼlim jarayonlari va xalqaro hamkorliklar masalasida maʼlumot berdi. Mavjud imkoniyatlardan foydalangan holda kelishuv boʻyicha ish olib borish boʻyicha oʻz takliflarini ilgari surdi. Jumladan, universitetlarda xalqaro iqtisodiyot va xalqaro huquq yoʻnalishlarida birgalikda kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha oʻz mulohazalarini bildirdi. Pandemiya sharoitida talabalar, magistrantlar va tadqiqotchilar uchun onlayn maʼruzalar turkumini tashkil etish, professor-oʻqituvchilar uchun dars oʻtish va ispan tilini oʻrgatish boʻyicha mashgʻulotlar tashkil etish, ispaniyalik talaba va professorlar uchun Markaziy Osiyo mintaqasi, xususan Oʻzbekiston haqida iqtisodiy mavzularda onlayn maʼruzalar tashkil etish ham uchrashuv davomida muhokama qilindi.
Italiyalik professorlar JIDUga Global classroom, Collaborative Online International Learning (COIL) dasturlarini hamkorlik amaliyotida qoʻllashni, shuningdek AQSH va Yaponiya kabi davlatlar bilan oʻzaro hamkorlik aloqalari boʻyicha tajribalarini Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bilan ham joriy etish taklifini berdilar.