JIDU bitiruvchisi vazirlikning axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi, axborot xizmati rahbari lavozimiga tayinlandi
14.04.2021 1655
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi – matbuot kotibi lavozimiga Sardorbek Usmanov tayinlandi.
Sardorbek Uraimjonovich Usmanov 1985 yil Andijon shahrida tug‘ilgan. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti (2006 y.), Tuluza siyosiy fanlar instituti magistraturasi (Fransiya, 2007 y.) hamda Bordo siyosiy fanlar instituti doktoranturasini (Fransiya, 2011 y.) tamomlagan.
Fransiya Tashqi ishlar vazirligining “Eyfel” stipendiyasining ikki karra laureati. Siyosiy fanlar doktori (DSc).
Shu kunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Maslahatchisi-Spichrayteri bo‘linmasining yetakchi konsultanti lavozimida ishlagan. Xalqaro press-klub tahlil va monitoring bo‘limi boshlig‘i sifatida faoliyat olib borgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy komunikatsiyalar universitetida dars bergan.
Yevropa tadqiqotlar instituti (Belgiya), Praga iqtisodiyot universiteti (Chexiya), Dubay va Sharja (BAA) ning bir qator universitetlarida ma’ruza o‘qigan. Praganing Yan Masarik nomidagi xalqaro tadqiqotlar markazida diplomatiya bo‘yicha ekspert sifatida faoliyat olib borgan.
Tahliliy maqolalari Buyuk Britaniya, Fransiya, Belgiya, Avstriya, Chexiyada chop etilgan.