Saylov jarayoni va saylovning huquqiy asoslari mavzusida seminar oʻtkazildi
13.04.2021 5058
Yangi Oʻzbekistonda fuqarolarning siyosiy faolligi, yaratuvchanlik ruhida yashashi hayot taqozosi, ijtimoiy zaruratga aylanib ulgurdi. Bugungi kunda fuqarolarimiz nafaqat islohotlarning faol ishtirokchisi, balki tashabbuskoriga aylanib bormoqda. Saylovlar ana shunday faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etishning muhim vositasi, demokratik tizimning ustunlaridan biri hisoblanadi.
Shu bois, siyosiy partiyalar va OAV vakillari hamda mahalliy Kengashlar deputatlarining saylov qonunchiligi va xalqaro standartlar boʻyicha bilimlarini tizimli asosda takomillashtirib borish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
Mamlakatimizda faoliyat koʻrsatayotgan siyosiy partiyalar tashabbusi bilan hududlarda siyosiy partiyalar faoliyatini yoritishga ixtisoslashgan OAV vakillari, mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari aʼzolari hamda siyosiy partiyalar faollari uchun oʻquv kurslari oʻtkazib borilmoqda.
Oʻquv kurslari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati, saylov qonunchiligi, siyosiy partiyalarning dasturiy maqsad va vazifalari hamda saylov jarayonlarini yoritishning oʻziga xos xususiyatlarini tinglovchilarga zamonaviy pedagogik va interfaol usullardan foydalangan holda oʻtkazib borilyapti.
Shu maqsadda, joriy yilning 6-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida Qonunchilik muammolari instituti va Institut tuzilmasidagi BMT Oʻquv markazi tomonidan “Saylov jarayoni va saylovning huquqiy asoslari” doirasida saylov jarayoni va saylovning huquqiy asoslarining mazmun-mohiyati, saylov jarayonlarini tashkil etish va oʻtkazishga qoʻyiladigan talablar kabi muhim masalalar boʻyicha maxsus oʻquv kursi tashkil etildi.
Oʻquv kursida viloyatlar, Toshkent shahri va Qoraqalpogʻiston Respublikasidan jami 75 nafar mahalliy Kengash deputatlari va siyosiy partiyalarning xodimlari ishtirok etdi.
Dars mashgʻulotlari Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti dekan muovini Sarvarbek Ibadullayev tomonidan olib borildi. Dars mashgʻulotlari davomida tinglovchilarga Saylovlarga tayyorgarlik koʻrish, oʻtkazish va saylov komissiyalari faoliyatiga oid xalqaro saylov standartlarning mazmuni; Halqaro saylov huquqining manbalari, universal va regional saylov standartlari; Siyosiy partiyalar, saylovchilar va kuzatuvchilarga oid xalqaro standartlar haqida zarur maʼlumotlar berildi.
Dars mashgʻulotlari davomida tinglovchilar xalqaro saylov jarayoni va saylovning huquqiy asoslari, kuzatuvchilarga nisbatan talablarni yanada kuchaytirish, regional saylov standartlari boʻyicha oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassisdan javoblarni olishdi.
Dars mashgʻulotlari yakunida tinglovchilarga mavzuga taalluqli oʻquv kontenti materiallari elektron tarzda mustaqil oʻrganish maqsadida taqdim etildi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻquv markaz joriy yilning 29-mart kuni
oʻz faoliyatini boshlagan boʻlib, Oʻquv markazida mahalliy kengash deputatlari, Kengashlar kotibiyatlari, Yoshlar parlamentlari aʼzolari va ijro hokimiyati vakillarini oʻqitish orqali milliy parlamentarizmni yanada rivojlantirishdek ustuvor vazifa belgilangan.