Jazoir elchisining JIDUga tashrifi
09.04.2021 1987
Jazoir Xalq Demokratik Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Noser Busherit ishchi-amaliy safari bilan JIDUda boʻldi. Shuningdek, Jazoir elchixonasining Tashkiliy va moliyaviy masalalar boʻyicha tashqi ishlar kotibi Feysal Salim Boxtash va Birinchi maslahatchisi Fudil Xebib unga hamrohlik qildilar. Oliy martabali mehmon dastlab universitet rahbariyati bilan uchrashib oʻzaro aloqalar va kelgusidagi rejalarni muhokama qildi. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Komiljon Karimov va Xalqaro aloqalar boʻyicha prorektor Saidmuxtor Saidqosimovlar Jazoir elchisiga universitet haqida batafsil maʼlumot berishdi. Shuningdek, Oʻzbekiston va Jazoir oʻrtasida uzoq yillik hamkorlik, diplomatik munosabatlar borasida ham fikr almashildi.
Janob Naser Busherit oʻzining Oʻzbekistondagi faoliyati davomida JIDUga ikkinchi bor tashrif buyurgani va bu davr ichida mamlakatlarimiz oʻrtasida turli aloqalarning mustahkamlangani, olib borilayotgan ochiq va doʻstona tashqi siyosat tufayli turli sohalarda ikki tomonlama hamkorlik qilinayotgani yuqori baholadi. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bilan Jazoirning Xalqaro munosabatlar va diplomatiya instituti (LʻInstitut Diplomatique et des Relations Internationales) oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish orqali tashqi siyosatda malakali kadrlarni tayyorlash, ikki davlat TIV strukturasi boʻlgan akademik institutlarda talaba va oʻqituvchilarning tajriba almashish imkoniyatini yaratish kabi masalalar muhokama etildi. Elchi janoblari universitet talabalari uchun maʼruzalar turkumini tashkillashtirish va ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishga hamisha tayyor ekanligini bildirdi.
Rasmiy tanishuv va taqdirlanishdan soʻng Jazoir elchisi JIDU kutubxonasi fondiga oʻz kitoblarini taqdim etdi. Faoliyatida yoshlar bilan muloqotni, oʻzaro fikr almashishni afzal bilgan Naser Busherit kutubxonadagi talabalar, xodimlar bilan suhbatlashdi. Xalqaro iqtisodiyot va menejment fakulteti 2 bosqich talabasi Madina Sunnatova hamda Xalqaro huquq fakulteti 4 bosqich talabasi Humoyun Boboyevlar tomonidan berilgan savollarga javob berdi, oʻz tajribasi va xotiralari bilan boʻlishdi.
Oliy martabali elchining kun tartibidagi keyingi uchrashuvi JIDU talabalari bilan boʻldi. Unda Elchi janoblari oʻz mamlakati, imkoniyatlari, taʼlim sohasidagi muvaffaqiyatlar hamda diplomatiya sohasidagi shaxsiy faoliyati haqida maʼlumot berdi. Elchixona bilan universitet oʻrtasida hamkorlikni kuchaytirish masalasi va uzoq yillik diplomatik faoliyatidan kelib chiqqan holda boʻlajak hamkasblariga tavsiyalar berdi.