07.04.2021 2234

Buyuk Britaniyaning Nortumbriya universiteti va JIDU oʻrtasida hamkorlik aloqalari yoʻlga qoʻyilgani haqida xabar bergan edik. Ushbu kelishuvning davomi sifatida 6-aprel kuni navbatdagi video muloqot tashkil etildi. Unda Nortumbriya universitetining global akademik hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha menedjeri Trista Huang, Nortumbriya universiteti Liderlik va strategiyalar markazi rahbari Joys Liddl, Nyukasl Biznes maktabining (Newcastle Business School - NBS) davlat siyosati va menejment boʻyicha professori Jon Shatt, Oʻzbekistonning Londondagi elchixonasi maslahatchisi Aliyor Tilavov va attashe Shohruz Samadov, Xalqaro aloqalar boʻyicha JIDU prorektori, professor Saidmuxtor Saidqosimov, XIM fakulteti dekani Mirzoumid Hamdamovlar ishtirok etishdi.

Onlayn uchrashuvda britaniyalik professorlar pandemiya davrida va undan keyin davlatlar iqtisodiyotidagi vaziyat, savdo siyosati, Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishi (Brexit) jarayonlari boʻyicha olib borayotgan izlanishlari haqida oʻzbekistonlik hamkasblariga maʼlumot berdilar. Nortumbriya universiteti Angliyadagi ilmiy tadqiqotlarga ixtisoslashgan OTM boʻlgani bois, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti bilan ayniqsa shu yoʻnalishda hamkorlikni rivojlantirishga qiziqish bildirmoqda.

Yakuniy natijalarga koʻra, tomonlar ushbu oʻquv semestrida angliyalik professorlarning magistr va tadqiqotchilar uchun Nortumriya universitetining ilmiy izlanishlari, oʻquv jarayoni haqida hamda JIDU 3 bosqich talabalari uchun xalqaro savdo, jahon iqtisodiyotidagi vaziyat boʻyicha onlayn maʼruza tashkil etishga kelishib oldilar. Bu maʼruzalar kelgusi oʻquv yilida JIDUda Nortumbriya professorlarining turkum maʼruzalari kursining boshlanishi boʻladi.