Malayziya Diplomatiya va xalqaro munosabatlar instituti direktori JIDU talabalari uchun maʼruza qildi
01.04.2021 1485
31-mart kuni Malayziya TIV huzuridagi Diplomatiya va xalqaro munosabatlar instituti (IDFR) Bosh direktori Mohd Zamruni bin Halidning JIDU talabalari uchun navbatdagi onlayn maʼruzasi tashkil qilindi. Uchrashuvni kirish soʻzi bilan universitet rektori Komiljon Karimov ochib berdi. Onlayn muloqotda shuningdek, Oʻzbekistonning Malayziyadagi elchixonasidan vakil Suhrob Vaseyev, JIDU xalqaro aloqalar boʻyicha prorektori Saidmuxtor Saidqosimovlar ham qatnashdi.
Malayziyalik mutaxassis dastlab Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida yurtimizning olib borayotgan tashqi siyosati, mamlakatlar bilan doʻstlik va strategik sherikchilik aloqalari hamda fan va taʻlim sohasidagi ishlarni eʼtirof etdi. Mohd Zamruni bin Halid JIDU talabalari uchun oʻzining navbatdagi oʻquv mashgʻulotida Malayziya Diplomatiya va xalqaro munosabatlar institutining faoliyati, oʻzbek yoshlarining unda taʼlim olish imkoniyatlari va diplomatiya sohasida shaxsiy tajribasi bilan oʻrtoqlashdi.
IDFR 1991-yilda tashkil etilgan boʻlib, 2004-yildan buyon Malayziya TIV tarkibiy boʻlinmasi safiga kiritilgan. Universitet xalqaro munosabatlar, strategik tahlil va inqirozli vaziyatlarda boshqaruv, chet tillarini oʻrgatish kabi yoʻnalishlarda faoliyat olib boradi. Maʼruzachi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti va Malayziya Diplomatiya va xalqaro munosabatlar instituti oʻrtasida ikki tomonlarma hamkorlikning tashqi siyosat va iqtisodiy diplomatiya yoʻnalishlarida kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirda ahamiyatini yuqori baholadi.
Mohd Zamruni bin Halid maʼruzasi yakunida talabalar savol-javoblar sessiyasida faol ishtirok etishdi. Xususan “Xalqaro aloqalar” fakulteti talabalari Nigina Niyazmatova, Shahlo Kamaladdinova, Gulshoda Akmaljanovalar xorijiy ekspertga Madaniy diplomatiya, IDFRning xalqaro tashkilotlar va Oʻzbekiston bilan oʻzaro munosabatlari boʻyicha o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.
Tadbir yakunida tomonlar JIDU va IDFR oʻrtasida yosh diplomatlarni tayyorlash hamda xalqaro munosablar sohasida ilmiy-tadqiqot potensialini oshirish boʻyicha aloqalarni kengaytirish kabi kelgusi rejalar kelishib olindi.