31.03.2021 1430

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rahbariyati Isroil davlatining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor elchisi Zehavit Ben Xilel xonim bilan uchrashdi. Universitet rektori Komiljon Karimov yuqori martabali mehmonni kutib olib, JIDUning tuzilishi va undagi oʻquv va ilmiy faoliyat bilan tanishtirdi.

Isroil diplomati Prezident Sh.Mirziyoyevning olib borayotgan ochiq va amaliy tashqi siyosatini yuqori baholab, bu Markaziy Osiyo va Yaqin Sharq oʻrtasida doʻstona munosabatlariga yoʻl ochayotganini taʼkidladi. Tomonlar ikki mamlakat oʻrtasidagi diplomatiya, xalqaro munosabatlar va taʼlim jarayonlaridagi hamkorlikning hozirgi holati va uni rivojlantirish istiqbollari haqida fikr almashishdi.

Uchrashuv chogʻida Isroil diplomatik missiyasi rahbari oʻz mamlakatidagi rivojlanish jarayonlari, bugungi globallashuv davri talabidan kelib chiqqan holda ommaviy (public) va raqamli (digital) diplomatiyaning ahamiyati, xalqaro hamkorlikdagi muhim jihatlar, gender tengligi va sohada ayollar mavqeini oshirish, aholi ayniqsa yoshlarga diplomatiyaning asl mohiyatini chuqurroq yetkazish masalalari haqida gapirib berdi.

Suhbat yakuniga koʻra, Isroil ilmiy markazlari va oʻquv muassasalari bilan JIDU oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirish, isroillik mutaxassis olimlar bilan onlayn uchrashuv va maʼruzalarini tashkil etish, yoshlarni ushbu davlat diplomatik korpusi faoliyati bilan yaqindan tanishtirish kabi vazifalar belgilab olindi.

Uchrashuvda shuningdek, Isroil TIV huzuridagi Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish agentligi (MASHAV) koordinatori Yuliya Olxovskaya, Xalqaro aloqalar boʻyicha JIDU prorektori Saidmuxtor Saidqosimov va xalqaro aloqalar boʻlimi xodimlari ishtirok etishdi.