17.03.2021 1800

17-mart kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga Slovakiya Respublikasi delegatsiyasining tashrifi boʻlib oʻtdi. Slovakiya TIV Davlat kotibi Ingrid Broskova boshchiligidagi mehmonlar ishtirokida universitet professor-oʻqituvchilari, tadqiqotchilar va talaba yoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi. Shuningdek, tadbirda Slovakiya Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi janob Yan Bori ham qatnashdi.

Universitet rektori Komiljon Karimovning kirish nutqidan soʻng yigʻilganlar Slovakiya haqida tayyorlangan videorolikni tomosha qildilar. Slovakiya Yevropa qitʼasining markazida joylashgan kichik mamlakat boʻlishiga qaramay iqtisodiyoti jadal rivojlanib borayotgan davlatlardan hisoblanadi. Xizmat koʻrsatish, yengil sanoat kabi sohalar bu taraqqiyotning asosi boʻlib qolmoqda. Uchrashuvda Ingrid xonim dastlab Slovakiya Respublikasi, uning xalqaro tuzilmalar va boshqa davlatlar bilan munosabati, xususan Oʻzbekiston bilan hamkorligi boʻyicha fikrlarini bildirdi. Bundan tashqari, talabalarga oʻz faoliyatidan kelib chiqib diplomatiya yoʻnalishidagi mulohazalari, global masalalarga shaxsiy qarashlari bilan ham boʻlishdi.

Talabalarning turli mavzudagi savollarga javob berib, diplomatiyada ayollarning oʻrni hamda tashqi siyosatda shaxsiy tajribasi haqidagi savolga “Diplomatiya sohasini koʻpchilik erkaklarga mos kasb deb hisoblaydi. Lekin bugun bu fikrni unchalik ham toʻgʻri deb boʻlmaydi. Yaxshi va sifatli taʼlim hamda sohaga qiziqish orqali hamma jumladan, ayol va qizlar ham bu yoʻnalishning malakali mutaxassisiga aylanishlari, oldindan qoʻyilgan toʻsiq va qoliplarni yengib oʻtishlari mumkin”, - dedi I.Broskova.

Doʻstona va koʻtarinki ruhda oʻtgan davra suhbati orqali talabalar Slovakiya Respublikasi va uning tashqi siyosati haqida oʻz bilimlarini yanada boyitdilar.